Ikkinchi raund: AQSH va Eron muzokaralari davom etadi – OAV
Olam
−
09:21 5245 2 daqiqa
Amerika va Eron o‘rtasidagi muzokaralarning ikkinchi raundi 16 aprel kuni Pokistn poytaxti Islomobod shahrida o‘tkazilishi mumkin. Bu haqda Tehrondagi manbaga tayanib, “The Atlantic” jurnalisti Arash Aziziy ma’lum qildi.
Biroq bu sana hali rasman tasdiqlanmagan. AQSH tomoni hozircha muzokaralar sanasini belgilashga shoshilmayotgani aytilmoqda. Ayrim manbalarga ko‘ra, Vashington avval Hormuz bo‘g‘ozi yopilishidan maksimal darajada foydalanmoqchi.
CNN xabariga ko‘ra, AQSH rasmiylari yangi uchrashuvni o‘t ochishni to‘xtatish muddati tugashidan oldin tashkil etish imkoniyatlarini muhokama qilmoqda. Muzokaralar uchun ehtimoliy joy sifatida Islomobod bilan birga Jeneva ham ko‘rib chiqilmoqda, ammo uchrashuv o‘tkazilishi hali aniq emas.
11 aprel kuni Islomobodda bo‘lib o‘tgan birinchi muzokaralar 21 soat davom etganiga qaramay, tomonlar kelishuvga erisha olmadi. Donald Tramp uchrashuv “yaxshi o‘tganini” aytgan bo‘lsa-da, asosiy kelishmovchilik Eronning yadroviy dasturi masalasida saqlanib qolgan. Shundan so‘ng AQSH Hormuz bo‘g‘ozi blokadasini e’lon qilgan.
Eron Tashqi ishlar vazirligi vakillari muzokaralarda bo‘g‘oz masalasi, yadroviy dastur, reparatsiyalar va sanksiyalarni bekor qilish kabi muhim mavzular muhokama qilinganini bildirib, jarayon keskin kechganini qayd etgan. Shu bilan birga, manbalarga ko‘ra, muzokaralar ijobiy rivojlansa, tomonlar o‘t ochishni to‘xtatish muddatini uzaytirishi ham mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp topshirig‘iga binoan Amerika harbiylari Hormuz bo‘g‘ozida rasman blokada boshlagandi. Blokada kecha, 13 aprel kuni AQSHning sharqiy vaqti bilan soat 10:00 da kuchga kirgan.
Live
Barchasi