Qamal boshlandi: AQSH Eron portlarini blokada qildi
Olam
−
14 aprel 13426 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp topshirig‘iga binoan Amerika harbiylari Hormuz bo‘g‘ozida rasman blokada boshladi. Bu haqda Oq uy rahbari Truth Social tarmog‘ida yozib qoldirdi.
Blokada kecha, 13 aprel kuni AQSHning sharqiy vaqti bilan soat 10:00 da kuchga kirgan.
AQSH OAVlari, jumladan CNN va Fox News xabar berishicha, Amerika harbiy-dengiz kuchlari bo‘g‘ozga kirish yoki chiqishga urinayotgan kemalarni to‘xtatishni boshlagan.
Donald Tramp o‘z bayonotida agar biror kema blokadaga yaqinlashsa, u darhol yo‘q qilinishi haqida ogohlantirgan. Uning aytishicha, AQSH kuchlari “tez va qat’iy” harakat qiladi. Shuningdek, u Eron flotining katta qismi yo‘q qilinganini da’vo qilgan.
“Eronning kemalari dengiz tubida butunlay yo‘q bo‘lib ketgan. Biz ularning oz sonli, ular “tezkor hujum” deb ataydigan kemalariga zarba bermadik, chunki biz ularni tahdid deb hisoblamadik. Ogohlantirish: Agar ushbu kemalardan birortasi bizning blokadamizga yaqinlashsa, ular darhol yo‘q qilinadi. Bu tez va shafqatsiz”, degan Oq uy rahbari.
Eron tomoni esa bu harakatni keskin rad etgan. Yuqori martabali harbiy maslahatchi Muxsin Rizoiy AQSHning blokadasi “muvaffaqiyatsizlikka mahkum” ekanini bildirib, mamlakat harbiylari har qanday tahdidga qarshi javob berish uchun “katta imkoniyatlarga” ega ekanini ta’kidlagan.
Ma’lumot uchun, Hormuz orqali jahon neftining taxminan 15–20 foizi va suyultirilgan gazning 30 foizdan ortig‘i o‘tadi. Shu bois, bu hududdagi har qanday keskinlik global energetika bozoriga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi.
Qayd etish joiz, blokada haqidagi qaror Islomobodda o‘tgan AQSH va Eron o‘rtasidagi muzokaralar natijasiz yakunlanganidan so‘ng qabul qilingan. Tomonlar ko‘plab masalalarda yaqinlashgan bo‘lsa-da, asosiy kelishmovchilik yadroviy dastur bo‘yicha saqlanib qolgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buyuk Britaniya AQSH tomonidan e’lon qilingan Hormuz bo‘g‘ozining blokadasida ishtirok etmasligini ma’lum qilgandi.
Live
Barchasi