Britaniya AQSH taklifini rad etdi – OAV
Olam
−
08:29 4152 2 daqiqa
Buyuk Britaniya AQSH tomonidan e’lon qilingan Hormuz bo‘g‘ozining blokadasida ishtirok etmasligini ma’lum qildi. Bu haqda “Sky News” xabar berdi.
Britaniya hukumati vakiliga ko‘ra, London dengiz qatnovi erkinligini qo‘llab-quvvatlaydi va Hormuz bo‘g‘ozining ochiq bo‘lishi jahon iqtisodiyoti barqarorligi hamda mamlakatda yashash xarajatlarini pasaytirish uchun muhim deb hisoblaydi. Shuningdek, u bo‘g‘ozdan o‘tish uchun to‘lov joriy etilishini ham qabul qilib bo‘lmas chora sifatida baholagan.
Manbaga ko‘ra, Britaniya Fransiya va boshqa hamkorlar bilan birgalikda dengiz qatnovi erkinligini himoya qilish bo‘yicha keng koalitsiya tuzish ustida ishlamoqda.
Shu bilan birga, AQSH Prezidenti Donald Tramp avvalroq Britaniya mina tozalash kemalarini yuborishini aytgan. Nashr ma’lumotiga ko‘ra, London mintaqada mina aniqlash tizimlariga allaqachon ega.
Joriy yilning 11–12 aprel kunlari Islomobodda AQSH va Eron o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tgan, biroq tomonlar kelishuvga erisha olmagan. Shundan keyin Tramp muzokaralarni “ijobiy” deb baholagan bo‘lsa-da, Eronning yadroviy dasturdan voz kechmasligi kelishuvni murakkablashtirayotganini aytgan.
Shu fonda Tramp AQSH floti Hormuz bo‘g‘ozini blokada qilishni boshlashini ma’lum qilib, hech bir kema bu hududga kirishi yoki chiqishiga yo‘l qo‘yilmasligini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron eronlik hamkasbi Mas’ud Pezeshkiyon bilan telefon orqali bo‘lgan muloqoti chog‘ida Parij Hormuz bo‘g‘ozida kemalarning xavfsiz harakatlanishini ta’minlashda yordam berishga tayyorligini aytgandi.
Live
BarchasiO‘zbekistonda zilzila sodir bo‘ldi
12 aprel