Ikki viloyatda qariyb 2 mlrd so‘mlik elektr o‘g‘irlandi
3-sahifa
−
12:23 886 2 daqiqa
Qashqadaryo va Samarqand viloyatlarida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish bilan bog‘liq 6 ta holat aniqlandi. Buning oqibatida davlat byudjetiga jami 1,86 mlrd so‘mdan ziyod zarar yetkazildi. Bu haqda Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Bosh prokuratura shtabi tomonidan Qashqadaryo viloyatining Muborak tumanida o‘tkazilgan nazorat tadbirida “A. G.” MCHJga qarashli korxona o‘zboshimchalik bilan elektr tarmog‘iga ulanib, 439 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangani ma’lum bo‘lgan.
Shuningdek, Kasbi tumanida yakka tartibdagi tadbirkor Ch. S. ga qarashli binoda ham shunday qoidabuzarlik aniqlanib, ta’minot korxonasiga 118 mln so‘mlik zarar yetkazilgani qayd etilgan. Chiroqchi tumanidagi “Q. S. T.” MCHJga qarashli suv nasoslarida aniqlangan noqonuniy foydalanish holati bo‘yicha zarar 122 mln so‘mni tashkil qilgan.
Samarqand viloyatida ham 3 ta shunday holat aniqlangan. Jumladan, Samarqand tumanida yakka tartibdagi tadbirkor M. S. ga qarashli korxona o‘zboshimchalik bilan tarmoqqa ulanib, 524,7 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangani aniqlangan.
Shu tumandagi “S. A. I.” MCHJga qarashli binoda aniqlangan qoidabuzarlik natijasida 180 mln so‘mlik, Bulung‘ur tumanida yakka tartibdagi tadbirkor M. A. ga qarashli noturar binoda qayd etilgan holat oqibatida esa elektr ta’minoti korxonasiga 477 mln so‘mlik zarar yetkazilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sirdaryo, Toshkent, Namangan va boshqa hududlarda o‘tkazilgan tekshiruvlarda qariyb 2,5 mlrd so‘mlik elektr energiyasi talon-toroj qilingani fosh etilgandi.
Live
Barchasi