Ikki shahar hokimlari Prezident o‘tkazayotgan yig‘ilishni tark etdi

Olam

image

Turkiyada Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an rahbarligida “Istanbul kanali” loyihasini amalga oshirishga start berildi. Bugun, 15 yanvar kuni ushbu loyiha yuzasidan Rajab Toyib Erdo‘g‘an ishtirokida “Aqlli shaharlar” kongressi o‘tkazildi. Loyihaga protest o‘laroq Istanbul hokimi Ekram Imomo‘g‘lu va Anqara shahar hokimi Mansur Yavash kongressni tark etdi. Bu haqda mahalliy OAV xabar bermoqda. 

Ikki hokim ham mazkur kongressga maxsus mehmon sifatida taklif etilgani aytilmoqda. Biroq, ular Atrof-muhit vaziri Murat Kurum nutq so‘zlashni boshlaganda, yig‘ilishdan chiqib ketgan. 

Ekram Imomo‘g‘lu yig‘ilishdan chiqishda, ommaviy axborot vositalari xodimlari bilan suhbatlashib, quyidagilarni so‘zlagan:

“Istanbul kanali loyihasi haqida noto‘g‘ri ma’lumot berilyapti. To‘g‘ri ma’lumot esa men yozgan to‘rt sahifalik maktubda keltirilgan”. 

“Istanbul kanali” loyihasi 2011 yilda o‘sha vaqtdagi Bosh vazir Rajab Toyib Erdo‘g‘an tomonidan taqdim etilgan edi. U loyihani havola etarkan, “bu loyiha mening eng katta xayolim”, degan edi. 

Mazkur loyiha Istanbul shahrida Qora dengiz va Marmara dengizi o‘rtasida sun’iy suv yo‘li ochilishini nazarda tutadi. Loyihalashtirilgan kanalning uzunligi 40 kilometr, kengligi 150 metr va chuqurligi 25 metrni tashkil etadi. Agar loyiha amalga oshirilsa, kanal bilan birgalik Istanbul bo‘g‘ozi tankerlar harakati uchun butunlay yopiladi. 

Loyiha doirasida Istanbulda ikkita yarim orol va bitta orol paydo bo‘ladi. 

“Istanbul kanali” atrofida barpo etiladigan yer maydoni esa 453 million kvadrat metrni o‘z ichiga oladi. 

Mamlakatdagi muxolif partiyadan Istanbul shahar hokimligi saylangan Ekram Imomo‘g‘lu “Istanbul kanali”ni “Bir jinoyat loyihasi” deb nomlagan edi. Bu esa Prezident Erdo‘g‘an va Istanbul hokimi o‘rtasidagi ziddiyatlarga sabab bo‘ldi. 

“Eh kanal, eh Istanbul. Shu qadar aniq va shu qadar muhim qaror. Biz avvalgi boshqaruv tizimining imzosi bo‘lgan ushbu loyihadan uzoq turamiz”, degan edi Istanbul hokimi. 

Prezident Erdo‘g‘an “Istanbul kanali” loyihasini amalga oshirilishiga mahkam bel bog‘lagan. U Imomo‘g‘luning iddaolarini ham javobsiz qoldirmadi. 

“U chiqib, Istanbulga bunday kanal keraksiz deydi. Bunday qarorni qabul qilish huquqi seniki emas. Biz bu bo‘yicha qaror qabul qildik. Seni bunday huquqing yo‘q. Bu huquq Istanbul hokimligiga oiddir. Bu loyiha uchun qadam tashladik va bunda davom etamiz. Yo‘limizda jur’at bilan davom etamiz. Bu ishni bajaramiz. Tashkilotlarning vazifasi davlatning qaroriga muvofiq o‘z majburiyatlarini bajarishda ishtirok etishdir. Xalq va qonun oldidagi burchini mensimaydigan hisobini beradi”, degan edi Rajab Toyib Erdo‘g‘an. 

Hozircha Prezident ikki shahar hokimlarining kongressni tark etishiga nisbatan munosabat bildirgani yo‘q. 


Maqola muallifi

Teglar

Rajab Toyib Erdo'g'an Ekram Imomo'g'lu Istanbul kanali

Baholaganlar

195

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing