Ikki oy ichida xorijdan 34 bola O‘zbekistonga qaytarildi
Jamiyat
−
04 Oktabr
2371O‘tgan ikki oyda xorijda qarovsiz qolgan 34 nafar bola O‘zbekistonga qaytarildi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, oktyabr oyining dastlabki kunlarida Ichki ishlar, Tashqi ishlar va Sog‘liqni saqlash vazirliklari bilan hamkorlikda xorijda ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan yana 4 nafar bola O‘zbekistonga qaytarildi. Ularning 3 nafari Turkiyadan, 1 nafari Rossiyadan olib kelingan.
Bildirilishicha, Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan bolalarni joylashtirish va ularni oilalariga yoki yaqin qarindoshlariga qaytarish bo‘yicha tezkor choralar ko‘rilgan. Xususan, 2 nafari ota-onasiga, 1 nafari xolasining vasiyligiga topshirish bo‘yicha hujjatlar rasmiylashtirilgan. Shuningdek, bir nafar bola bo‘yicha vaziyat baholanmoqda va onasi Rossiyadan qaytgunigacha vaqtinchalik vasiylikni rasmiylashtirish uchun yaqin qarindoshlari aniqlanmoqda.
Ma’lumot uchun, avgust-sentyabr oylarida xorijda ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan 34 nafar bola O‘zbekiston Respublikasiga qaytarilgan. Yil boshidan beri jami 89 nafar O‘zbekistonning voyaga yetmagan fuqarolari qaytarildi.
Qayd etilishicha, Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan ularga o‘zlarining yashash manziliga yaqin “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tomonidan bir qator ijtimoiy xizmatlar, jumladan, bolalarning o‘zlari va ularning oila a’zolariga psixologik va huquqiy yordam ko‘rsatilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiyada qarovsiz qolib ketgan 3 bola O‘zbekistonga qaytarilgandi.
LiveBarchasi