Ikki kundan keyin Toshkent “ochiladi”mi? Rasmiy izoh berildi
Jamiyat
−
04 may 2020
36052O‘zbekistonda koronavirusga chalingan bemorlarning 60 foizdan oshishi munosabati bilan hududlarda o‘rnatilgan cheklovlarga bosqichma-bosqich yumshatishlar kirita boshlandi. Bunga 1 maydan boshlab Toshkent shahrida tonggi 07:00 dan 10:00 gacha va kechki 17:00 dan 20:00 gacha bo‘lgan vaqt ichida avtomobillarning harakatlanishiga ruxsat berilishini misol qilish mumkin.
Mana shu voqealar sabab ijtimoiy tarmoqlarda turli mishmishlar paydo bo‘ldi. Emish-ki, Toshkent shahrida karantin 2 kundan keyin tugaydi. Ushbu xabarga Bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov oydinlik kiritdi.
“Ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan, Toshkent shahrida karantin ikki kundan keyin tugaydi, degan xabarlar asossiz. Karantinni o‘rnatish va uni bekor qilish Respublika muvofiqlashtirish komissiyasining vakolati hisoblanadi”, dedi bugun AOKA shtabida o‘tgan brifing chog‘ida Otabekov.
Ta’kidlanishicha, ushbu komissiyaning rasmiy ma’lumotidan tashqari, tarqatilgan barcha turdagi ma’lumotlarga aslo ishonish kerak emas.
“Ularning ma’lumotiga ishonsangiz va karantin talablarini buzsangiz, demak Siz karantin talablarini buzganlikda ayblanasiz va ma’muriy javobgarlikga (jarimaga) tortilishingiz mumkin”, dedi Otabekov.
Eslatib o‘tamiz, Jinoyat kodeksining 244 (prim 5) - moddasiga muvofiq, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlarni tarqatganlik uchun javobgarlik belgilangan.
Ma’lumot o‘rnida, 4 may soat 15:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 2181 nafarni tashkil qilmoqda. Bemorlarning 1370 nafari sog‘aygan va 10 nafari vafot etgan.