Ikki davlatda parranda grippi keng tarqaldi

Olam

image

Yuqori patogenli parranda grippining tarqalish holati Saudiya Arabistoni va Vetnamda qayd etildi. Bu haqda Jahon hayvonlar salomatligini saqlash tashkiloti xabar berdi.

Saudiya Arabistoni Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan ma’lum qilinishicha, mamlakatning markaziy qismidagi parranda fermasida H5N8 virusini yuzaga keltirgan gripp aniqlangan. Kasallikdan 22,7 mingta parranda nobud bo‘lgan, yana 385 mingta parranda so‘yilgan.

Vetnam Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan xabar berilishicha, mamlakatning shimolida, Xitoy bilan chegara yaqinida joylashgan qishloqda parranda grippi aniqlangan. Mazkur hududdagi uch mingta parrandadan 2,2 mingtasi o‘lgan.

Avvalroq, Xitoyda koronavirus epimarkazi yaqinidagi hududda parranda grippi tarqalgani haqida xabar berilgan edi.

Yangi koronavirus

Xitoyning Xubey provinsiyasi markazi Uxan shahrida o‘tgan yilning dekabr oyi o‘rtalarida yangi virus paydo bo‘ldi. Xitoy Hukumati 31 dekabr kuni Jahon Sog‘liqni saqlash tashkilotini mamlakatda epidemiya boshlangani haqida ogohlantirdi.

Koronavirus bilan kasallanganlar hozircha Xitoydan tashqari 26 davlat – Yaponiya, Tailand, Singapur, Janubiy Koreya, Gonkong, Avstraliya, Tayvan, Makao, Malayziya, Amerika Qo‘shma Shtatlar, Germaniya, Vetnam, Fransiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Kanada, Filippin, Buyuk Britaniya, Rossiya, Italiya, Hindiston, Finlyandiya, Shvetsiya, Shri-Lanka, Kamboja, Nepal va Ispaniyada aniqlandi.

Virusdan halok bo‘lganlar soni 492 nafarga, u bilan kasallanganlar soni 24552 nafarga yetdi. JSST yangi koronavirusning dunyoga tarqalishi sababli Jamoat sog‘lig‘i uchun xalqaro xavotirga molik favqulodda vaziyat joriy qildi. Bu insoniyat sog‘lig‘i uchun jiddiy xavf tug‘ilganda e’lon qilinadigan rasmiy maqom hisoblanadi.


Maqola muallifi

Teglar

koronavirus parranda gripp

Baholaganlar

162

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing