Ikki davlat tashkiloti sud bojidan ozod etildi
Jamiyat
−
22 iyun 2023
7048Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi sudlarga murojaat qilish chog‘ida davlat bojini to‘lashdan ozod etilmoqda. Bu haqda bugun, 22 iyun kuni Oliy Majlis Senatining qirq ikkinchi yalpi majlisida ma’lum qilindi.
Majlisda “Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonun ko‘rib chiqilgan.
Gap shundaki, amaldagi “Davlat boji to‘g‘risida”gi Qonunning 8, 9 va 10-moddalarida Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi hamda uning hududiy organlari – o‘z zimmasiga yuklatilgan vakolatlariga muvofiq sudlar ko‘rib chiqishi uchun kiritiladigan da’volar yuzasidan davlat bojini to‘lashdan ozod qilingan.
Biroq Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan birinchi instansiya sudlarining hal qiluv qarorlariga nisbatan beriladigan shikoyatlari amaldagi qonunchilikka muvofiq davlat bojini to‘lashdan ozod qilinmagan degan vajlar bilan yuqori instansiya sudlari tomonidan qaytarilishi holatlari yuzaga kelgan.
So‘nggi 5 yilda Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan sudlarga jami 108,2 mlrd so‘mlik davo arizalari kiritilib, qariyb 2,3 mlrd so‘mlik davlat boji to‘langan. To‘langan davlat bojlarining 1,2 mlrd so‘m qismini jamg‘armaga qaytarilishida qiyinchiliklar kuzatilgan.
Kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga ko‘ra, Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi hamda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi va uning hududiy organlari tomonidan fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar, iqtisodiy sudlar va ma’muriy sudlarga da’vo ariza, ariza va shikoyatlar bilan murojaat qilinganda davlat bojidan ozod qilinishi nazarda tutilgan.
Senatorlar Qonunning qabul qilinishi davlat organlariga sudlarga murojaat qilish uchun ajratilgan davlat boji to‘lovidan tejalgan mablag‘larni tadbirkorlikni rivojlantirish, tadbirkorlik sub’ektlarining va iste’molchilarning huquqlari yanada ishonchli himoya qilinishini ta’minlash uchun yo‘naltirishga xizmat qilishi ta’kidlagan va qonunni ma’qullagan.