Ikki bolani yetim qilgan “uchastkoviy” yordamchilarining ishi sudga oshirildi
3-sahifa
−
17 Sentabr 2021
11709Joriy yilning 11 iyul kuni Surxondaryo viloyati Denov tumanida mahalla profilaktika inspektori yordamchilari tomonidan kaltaklanishi oqibatida vafot etgan fuqaroning o‘limi sabab ochilgan jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakati tamomlandi. Ish materiallari jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudiga yuborildi. Bu haqda viloyat prokuraturasi ma’lum qildi.
Gap shundaki, joriy yilning 10 iyul kuni Denov tumani Oxtom mahallasida fuqaro Yu.Xushmatov tuman ichki ishlar organlariga akasi X.Xushmatov yashash uyida janjal qilib, tinchligini buzayotgani haqida xabar bergan.
Shikoyat asosida mahalla profilaktika inspektori S.Pardayev X.Xushmatovning yashash xonadoniga yordamchilari X.Sheraliyev va T.Farmonov bilan borib, X.Xushmatovni tuman IIBga o‘z boshqaruvida bo‘lgan LADA X-RAY rusumli avtomashinasida olib kelayotganda mast bo‘lgan fuqaro faol qarshilik ko‘rsatgan. Uni tinchlantirish maqsadida profilaktika inspektori yordamchilari X.Sheraliyev va T.Farmonov o‘z vakolatlari doirasidan chiqib bir necha marta urib, tan jarohati yetkazgan.
Tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan X.Xushmatov joriy yilning 11 iyul kuni soat 10:00 larda Sho‘rchi tuman tibbiyot birlashmasida vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan Denov tumani prokuraturasi tomonidan o‘sha kuni X.Sheraliyev va T.Farmonovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan ayblov e’lon qilinib, jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
X.Sheraliyev va T.Farmonovga nisbatan Jinoyat ishlari bo‘yicha Denov tuman sudining 2021 yil 12 iyuldagi ajrimi bilan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Shuningdek, Denov tuman IIB profilaktika inspektori S.Pardayevga nisbatan joriy yilning 12 avgustida JKning 206-moddasi 1-qismi va 208-moddasi bilan ayblov e’lon qilinib, unga nisbatan munosib xulq-atvorda bo‘lish haqidagi tilxat ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Marhum Xushmatovning turmush o‘rtog‘i ijtimoiy tarmoqlarda videomurojaat bilan chiqqandi. Ayol murojaatida ikki bolasi bilan ko‘chada qolganini aytib, erining o‘limiga sababchi bo‘lganlarni jazolashni talab qilgandi.
LiveBarchasi