Ixtiyoriy-majburiy quyosh panellari

Tahlil

Tadbirkorlarni ortiqcha yig‘imlardan ozod qilamiz, tadbirkorlar byurokratik to‘siqlarga uchrashi kerak emas, tadbirkorlar katta kuch, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlaymiz, tadbirkorlarga ogohlantirish xati yuborib, quyosh panellari o‘rnatmasa, 10 kunda hech qanday ogohlantirishsiz “svet” va gazdan uzib qo‘yamiz. Bir tomondan qo‘llab-quvvatlab, bir tomondan majburlaymiz. Gap nima haqda ketayotganini tushunmayotganlar uchun bir boshdan aytib bersam. O‘zbekistondagi tadbirkorlar “svet”siz qolishi mumkin. Gap shundaki, avgust oyining oxirida Olmazor tumanidagi ko‘plab tadbirkorlik sub’ektlariga, shuningdek, QALAMPIR.UZ ijarada bo‘lib turgan bino ma’muriyatiga Olmazor tumani elektr tarmoqlari korxonasi rahbari Ravshan Mirsultonov tomonidan imzolangan ogohlantirish xatlari yuborilgan.

Unda shunday deyiladi:

“O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 16 fevraldagi “2023 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-57-sonli, 2024 yil 31 maydagi “Energiya resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-222-sonli qarorlari ijrosini ta’minlash maqsadida Energiya resurslarini iqtisod qilish bo‘yicha Respublika shtabi rahbarlari tomonidan joriy yilda o‘tkazilgan 7-sonli yig‘ilish topshiriq va ko‘rsatmalarini inobatga olib, sizning tadbirkorlik faoliyatini olib borayotgan ob’ektingizda ushbu talabnoma berilgan kundan boshlab 10 ish kuni muddatda elektr energiyasidan foydalanishda doimiy yashil muqobil energiyaga (quyosh panellari, kompensatsiya qilish uskunasi) o‘tkazilishi va elektr energiyasini 20% iqtisod qilish lozimligini bildiramiz”, deyiladi xatda.

Shuningdek, ogohlantirish xatida tadbirkorlar yuqoridagi talabni bajarmagan taqdirda hech qanday ogohlantirishsiz elektr energiyasidan uzilishi qo‘shimcha qilingan.

“O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 10 iyundagi “Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 319-sonli qarorining texnik shartlari va majburiyatlari bajarilmagan taqdirda elektr ta’minotidan qayta ogohlantirilmasdan tarmoqdan uzish bo‘yicha ogohlantiramiz.

Ushbu talabnoma ijrosi talabnoma berilgan 10 ish kunida bajarilmagan taqdirda korxonani elektr energiyasi ta’minotidan uzib qo‘yilishi to‘g‘risida OGOHLANTIRAMIZ!!!”, deb katta harflar bilan yoziladi Olmazor tumani elektr tarmoqlari korxonasi rahbari Mirsultonov imzolagan xatda.

Ushbu ogohlantirish xati tadbirkorlik sub’ektlariga deyarli bir kunda – 30 avgust kuni Ichki ishlar posbonlari orqali yuborilgan. Shu kuni QALAMPIR.UZ muxbiri Olmazor tumani elektr tarmoqlari korxonasiga bordi va xatni qo‘lida ko‘tarib, tushuntirish berishlarini so‘rab yurgan o‘nlab tadbirkorlarni uchratdi. Elektr tarmoqlari korxonasi esa noroziliklarni oldindan payqagandek, darvozasini yopib olgan, hududni esa Milliy gvardiya va Ichki ishlar xodimlari qo‘riqlayotganiga guvoh bo‘ldik.

Tadbirkorlarga ogohlantirish niqobi ostida yo‘llanayotgan “majburlov” xatlari haqida QALAMPIR.UZ xabar berganidan roppa-rosa 1 hafta o‘tib, 7 sentyabr kuni “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ bayonot berib chiqdi.

AJning ma’lum qilishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyevning qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish va Energiya resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha qabul qilgan bir nechta qarorlariga asosan mamlakat bo‘ylab tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan o‘z ehtiyojining ma’lum qismini muqobil energiya manbalaridan ishlab chiqarish belgilangan.

“Hududiy elektr tarmoqlari” AJning aytishicha, quyosh panellari va energiya tejovchi uskunalarni o‘rnatganlar uchun soliq va boshqa imtiyozlar ham berilgan. Shunga qaramay ayrim tadbirkorlar tomonidan quyosh panellari o‘rnatishda sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotgani sababli tuman elektr ta’minoti korxonalari tomonidan ogohlantirish xatlari yuborilganmish.

“Shuni alohida ta’kidlash lozimki, xabarlarda keltirilganidek, elektr tarmoqlari tomonidan tadbirkorlar tomonidan muqobil energiya manbalarini o‘rnatish ishlari majburiy ravishda amalga oshirilmayotganligini ma’lum qilamiz”, deyiladi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ bergan bayonotda.

Bu bayonotni tahlil qiladigan bo‘lsak, katta ehtimol bilan tadbirkorlarga yuborilayotgan xatlarni “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ kattalari ko‘rmagan. Xatni ko‘rganida, ko‘rib o‘qiganlarida undagi “Ushbu talabnoma ijrosi talabnoma berilgan 10 ish kunida bajarilmagan taqdirda korxonani elektr energiyasi ta’minotidan uzib qo‘yilishi to‘g‘risida OGOHLANTIRAMIZ!!!”, deyilgan jumlani mutlaqo o‘qigan bo‘lishardi.

Uni ham qo‘ying, yuqoridagi bayonotda quyosh panellari o‘rnatilishi va bu uskunalarni o‘rnatgan tadbirkorlar uchun soliq va boshqa imtiyozlar ham berilgani aytilgan. Ha aytilgan. Agar tadbirkor o‘z istagi bilan energiya tejovchi uskunani o‘rnatsa, marhamat olsin soliq imtiyozini. Lekin Prezident qarori yoki boshqa bir hujjatda “quyosh paneli o‘rnatmagan tadbirkorlar ogohlantirmasdan “svet”dan uzilsin” deb yozilganmi? bizningcha yozilmagan. 

Yana bir gap, joriy yilning 6 sentyabr kuni (!), ya’ni “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tadbirkorlar elektr energiyasidan foydalanishda doimiy yashil muqobil energiya – quyosh panellari, kompensatsiya qilish uskunasi o‘rnatishga majburlanganini aytib chiqishidan bir kun avval tadbirkorlik sub’ektlariga yana ogohlantirish xati yo‘llangan va bu safar xat muallifi faqat tuman elektr tarmoqlari korxonasi emas. Galdagi ogohlantirish xatiga “Olmazortumangaz” gaz ta’minoti korxonasi ham sherik bo‘lgan. Xat mazmuni esa deyarli bir xil.

Avvalgi xatda qavs ichidagi uskunalar nomi 2 ta quyosh panellari va kompensatsiya qilish uskunasi bo‘lgan bo‘lsa, bu safar geokollektorlar, zamonaviy gaz gorelkalari qo‘shilib uskunalar ro‘yxati 4 taga yetgan. Shuningdek, avgust oyida tadbirkorlarga borgan xatdagi “doimiy yashil muqobil o‘tish orqali elektr energiyasini 20% iqtisod qilish lozimligini bildiramiz”, jumlasi “doimiy yashil muqobil o‘tish orqali elektr energiyasini iqtisod qilish lozimligini bildiramiz”ga o‘zgargan.

Avvalgi “majburlov” xatida talab bajarilmagan taqdirda faqat elektr energiyasi uzilishi aytilgan bo‘lsa, bu safar qatorga gaz ham qo‘shilgan.

“Ushbu talabnoma ijrosi talabnoma berilgan 10 ish kunida bajarilmagan taqdirda korxonani elektr energiyasi va tabiiy gaz ta’minotidan uzib qo‘yilishi to‘g‘risida OGOHLANTIRAMIZ!!!”, deyiladi xatda.

Xatni Olmazor tumani elektr tarmoqlari korxonasi rahbari R.Mirsultonov va “Olmazortumangaz” gaz ta’minoti korxonasi nomidan lavozimi ko‘rsatilmagan F.Qo‘chqorov imzolagan va ogohlantirish xati haqiqiyligi muhr bilan tasdiqlangan.

Quyosh panellari masalasi ko‘plab OAVlarda yoritilganidan so‘ng, 11 sentyabr kuni Energetika vazirligi tilga kirdi. Vazirlik mazkur mavzudagi mavjud shikoyatlarni o‘rganib chiqqanini bildirgan.

Energetika vazirligi ham quyosh panellari o‘rnatishdagi Prezident qarorlarini birma-bir eslagan va unda elektr energiyasi hamda tabiiy gazni tejash bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlarning bajarilishini ta’minlash, aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining elektr energiyasi hamda tabiiy gazdan samarali va tejamkor foydalanishi bo‘yicha zarur ishlarni amalga oshirish, quyosh panellari, quyosh suv kollektorlari o‘rnatish imkoniyati bor tadbirkorlik sub’ektlari hamda aholi xonadonlari uchun mazkur jihozlarning targ‘ibot-tashviqotini kuchaytirish singari vazifalar ko‘rsatib o‘tilganini ta’kidlagan. Vazirlikka ko‘ra, quyosh panellarini o‘rnatish uchun majburlash hech qaysi hujjatda ko‘rsatilmagan.

“Kimnidir quyosh paneli o‘rnatishga majburlash, o‘rnatilmagan taqdirda esa, uni tarmoqdan uzib qo‘yish bilan ogohlantirish masalasi hech bir qonunchilik hujjatlarida belgilanmagan. Demak, bunday qilish qonunchilikka zid va Energetika vazirligi bu kabi xatti-harakatlarni mutlaqo yoqlamaydi”, deyiladi berilgan keskin bayonotda.

Tadbirkorlarga ogohlantirish xatlari yuborilgani haqidagi xabarlarga yozilgan izohlarni o‘qigan bo‘lsangiz, ko‘pchilik “quyosh panellarini kattalar olib kirayotgandir-da”, deb yozilganiga ko‘zingiz tushgan bo‘lishi aniq. Vazirlik bayonotda bu masalaga ham oydinlik kiritib ketgan.

“Bugun mamlakatimizga quyosh panellari va uning butlovchi qismlarini olib kirayotgan korxonalar soni ham kun sayin ortib bormoqda. Bojxona qo‘mitasi bilan olib borilayotgan monitoring natijalari bo‘yicha birgina joriy yilning 8 oyida yurtimizga 107 ta tadbirkorlik sub’ekti tomonidan 1,5 milliontadan ziyod quyosh panellari olib kirildi. E’tiborlisi, tadbirkorlik sub’ektlarining 64 tasi bu safga joriy yilda qo‘shilgan. Shuningdek, 62 ta tadbirkorlik sub’ekti tomonidan salkam 7 ming dona invertorlar olib kirilgan”, deyiladi bayonotda.

Ya’ni yana ham aniqroq aytganda, quyosh panellarini olib kirish kimgadir yuklanmagan, monopoliya emas demoqchi vazirlik.

Shuningdek, vazirlik o‘tgan yili 5 kVt quvvatga ega “On grid” tizimidagi quyosh paneli narxi o‘rtacha 50 mln so‘m, “Off grid” tizimidagi esa 65 mln so‘m bo‘lgan bo‘lsa, 2024 yilning sentyabrida bu narxlar 35 mln so‘m va 45 mln so‘m bo‘lganini aytmoqda. Vazirlikka ko‘ra narxlarning arzonlashishi o‘z-o‘zidan emas, balki bozorda raqobat bo‘lganidan.

“2023-yilning 1-oktyabridan yuridik shaxslar va tadbirkorlar uchun, 2024-yilning 1-may sanasidan e’tiboran esa aholi iste’molchilari uchun energoresurslar tarif narxlarining tabaqalashtirilgan ravishda oshirilishi iste’molchilarda quyosh paneli hamda geliokollektorlarga nisbatan qiziqishni tabiiy ravishda kuchaytirdi. Xususan, joriy yilning 1-avgustigacha “Quyoshli xonadon” dasturi bo‘yicha jami 44 516,4 kVt quvvatga teng 13 ming 324 ta, yuridik iste’molchilar bilan esa jami 197 201 kVt quvvatga teng 8 ming 776 ta shartnoma imzolangan. Bu yurtdoshlarimizning barchasi quyosh panelini o‘z xohishi bilan o‘rnatgan”, deyiladi bayonotda. 

Energetika vazirligi bu bayonotni berishga ancha tayyorlangan chog‘I, bir emas, naq uchta tasodifiy iste’molchi bilan suhbatlashib, quyosh panellarining qanchalik foydali ekani, energiya tejashi haqida suhbatlashgan.

“Yuqoridagilardan xulosa qilib aytganda, Energetika vazirligi tadbirkorlik sub’ektlarini quyosh paneli o‘rnatishga majburlash bilan mutlaqo kelishmaydi. Ammo tadbirkorlarimiz ham quyosh paneli qo‘yish o‘z biznesi uchun foydali ekanligini anglab yetishsa, nur ustiga nur bo‘lar edi. Qolaversa, bugun bu bozorda taklif qiluvchi ham, talabgor ham, kimlardir o‘ylaganidek, kam emas”, deb aql bergan vazirlik.

Yuqorida tadbirkorlarga yuborilgan ogohlantirish xatlarini “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ o‘qimagan degan edik. Yo‘q. biz adashganmiz. Nafaqat “Hududiy elektr tarmoqlari” balki Energetika vazirligi ham ko‘rmagan, o‘qimagan ekan. Chunki vazirlik quyosh panellari o‘rnatishga majburlash qonunchilikka zid ekanini aytganu shu xatni yuborganlar borligi va ularga chora ko‘rilishi haqida miq etmagan. Ham bu “majburlov” xatlari yuborilishi tumanlardan boshlagan. Endi tuman elektr tarmoqlari rahbarlari shahar yoki respublikadagi rahbarlarning ruxsatisiz bunday xatlarni yuborishga jasorat qilolmasa kerak. Yana bilmadik.

“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va Energetika vazirligi bergan bayonotdan vaziyat shu darajaga yetib borgani ayonki, tuman elektr tarmoqlari korxonalari tomonidan tadbirkorlarga bosim tariqasida yo‘llanayotgan ogohlantirish xatlaridan na “Hududiy elektr tarmoqlari”, na Energetika vazirligi xabardor emas.

QALAMPIR.UZda mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, tadbirkorlik sub’ektlariga bunday ogohlantirish xatlari nafaqat Olmazor tumani va Toshkent shahri, balki butun respublika bo‘ylab yo‘llanmoqda. Vaziyatdan xabardor manbalarning ma’lum qilishicha, ish boshida prokuratura organlari turgan bo‘lishi mumkin.

Tahririyat jurnalisti bilan shaxsi sir qolishi sharti bilan suhbatda bo‘lgan soha vakiliga ko‘ra, “quyosh panellarini o‘rnat”, deb majburlashga aslida hech kimning haqqi yo‘q. Ammo tadbirkorlar quyosh panellarini o‘rnatmagan taqdirda xodimlar yuqoridan kelgan topshiriq sabab korxonani “svet”dan uzishga majbur bo‘ladi.

Yuqorida gapimizni tadbirkorlarga berilgan imkoniyatlar bilan boshlagan edik. Nihoyani tadbirkorlarning huquqlari buzilganda labbay deb turishi kerak bo‘lgan Biznes ombudsman borligini eslatish bilan yakunlamoqchimiz. Ha, xabaringiz bo‘lmasa deb eslatyapman. Aslida tadbirkorlarga xat yuborilgani OAVlarda e’lon qilinishi bilan bunga tezkor munosabat qilishi, qanday choralar ko‘rilganini zudlik bilan jamoatchilikka aytishi kerak bo‘lgan Biznes ombudsman hozircha sukut saqlamoqda. Balki ular tadbirkorlar bilan bog‘langan, ogohlantirish xati yuborgan tuman elektr tarmoqlarini jazolash uchun taqdimnomalar kiritgandir, unisi bizga qorong‘i.


Maqola muallifi

Teglar

Tadbirkorlar ogohlantirish xati Ravshan Mirsultonov Quyosh panellari “Hududiy elektr tarmoqlari AJ

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing