Ixtiyoriy-majburiy: qishloq xo‘jaligi sug‘urtalanadi
Tahlil
−
08 mart
8565Qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklari sug‘urtalanishi kutilmoqda. Bu haqdagi qonun loyihasi Senatga yuborildi. Maqolada ushbu qonun loyihasi, xususan, tashkil etilayotgan jamg‘arma, Davlat byudjetidan ajratilayotgan subsidiyalar, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari faoliyatining ixtiyori-majburiy sug‘urtalanishi va boshqalar haqida so‘z boradi.
Qonun loyihasi haqida
2023 yilgi qishki anomal sovuqda 9 ming gektar bog‘ va 4 ming gektar uzumzorni sovuq urishi oqibatida o‘sha mavsumda 207 ming tonna hosil nobud bo‘lgan. Shundan kelib chiqib, Prezident Shavkat Mirziyoyev turli ob-havo sharoitlarida dehqonlar ko‘radigan zararning oldini olish bo‘yicha topshiriq bergan edi va o‘tgan yilning noyabrida “Qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklarini sug‘urta qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilgandi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan mazkur qonun loyihasining birinchi o‘qilishi joriy yilning 7 yanvar, ikkinchi o‘qilishi esa 4 mart kuni bo‘lib o‘tdi. Loyihaga ko‘ra, 7 bob, 42 moddadan iborat ushbu qonun tasdiqlanib, kuchga kirganidan so‘ng, boshqaruv kompaniyasi o‘laroq asosiy bo‘g‘inda turuvchi “Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi” jamg‘armasi tashkil etiladi. Qishloq xo‘jaligi vazirligi jamg‘arma faoliyatini muvofiqlashtiruvchi organ vazifasini bajaradi. Uni moliyalashtirish ishlari esa Iqtisodiyot va moliya vazirligi zimmasida bo‘ladi.
Byudjet bo‘yniga xurjun…
Jamg‘arma mablag‘larida yetishmovchilik kuzatilsa, buni qoplash davlat byudjeti gardaniga yuklatiladi va allaqachon 2025 yilda a’zolik badalining 60 milliard so‘m bo‘lishi hisoblanib, uning teng yarmini qoplash maqsadida davlat byudjetidan 30 milliard so‘m ajratilgan. Zararlarni qoplash esa 2026 yildan boshlanadi.
Shuningdek, jamg‘arma mablag‘lari xalqaro sug‘urta kompaniyalari orqali qayta sug‘urtalanishi yo‘lga qo‘yiladi. Bundan tashqari, boshqaruv kompaniyasi qoshida joylarda vaziyatni o‘rganish va yo‘qotishlarni baholash kabilarni bajaruvchi mustaqil ekspertlar instituti tashkil etiladi.
Shuningdek, qonun loyihasiga ko‘ra, sug‘urta mukofotining qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchisi tomonidan to‘lanadigan qismi, ya’ni 50 foizi to‘liq to‘langan zahoti sug‘urta polisi taqdim etiladi.
Mazkur qonun loyihasida e’tiborga olinishi kerak bo‘lgan yana bir jihat shundaki, jamg‘arma va qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari o‘rtasida sug‘urta kompaniyalari yoki yuridik shaxslar vositachilik qiladi.
Mamlakatda mavjud 777 mingdan ortiq qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarining imtiyozli kredit olganlari o‘z faoliyatlarini majburiy ravishda sug‘urtalaydi. Qolganlarga esa hozircha, ixtiyoriy.
“Loyiha himoyasi”
Qonun loyihasining birinchi o‘qilishida Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov o‘z ma’ruzasida mamlakatda “Agrosug‘urta” tizimi mavjudligi, ammo mablag‘ yetishmovchiligi va tavakkalchiliklarning kattaligi bois qishloq xo‘jaligini sug‘urta qilishdan to‘la voz kechilganini bildirgan. Uning fikriga ko‘ra, sug‘urta tizimining davlat tarafidan qoplanmagani ham bunga sabab bo‘lgan.
Xalq demokratik partiyasi a’zosi Anvarxon Temirovning ehtimoliy korrupsiyaviy holatlarning inobatga olingani haqidagi savoliga:
“Jarayonlar raqamlashtirilib, boshqa vazirlik va idoralar bilan integratsiya qilinadi”, deya javob bergan vazir Abdurahmonov.
Uning qo‘shimcha qilishicha, fermer xo‘jaligi sub’ektlari sun’iy ravishda soxta ma’lumot kirita olmaydi: ob-havo sharoiti bo‘yicha O‘zgidromet, suv yetkazib berish bo‘yicha Suv xo‘jaligi vazirligi, o‘g‘it yetkazib berish bo‘yicha “O‘zkimyosanoat” va boshqa ilmiy tashkilotlar xulosalari olinadi.
Liberal-demokratik partiyasi a’zosi Zafar Xudoyberdiyev ixtiyoriy ravishda jamg‘armaga a’zo bo‘lgan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari kamchilikni tashkil qilsa, sug‘urtalash majburiyga aylanib ketishi ehtimoli va a’zolik badali haqidagi savol bilan vazirga yuzlangan. Deputatga javob berar ekan, Abdurahmonov buni vaqt ko‘rsatishiga shama qildi.
“Bilasiz, sug‘urtani majburiy qilib bo‘lmaydi. Lekin buning kelajagi tizimning qanday ishlab ketishiga bog‘liq. Men hali qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari o‘zlarining manfaatlarini to‘g‘ri tushunmasdan, o‘z faoliyatini birdaniga to‘liq sug‘urtalaydi deb o‘ylamayman. Qurg‘oqchilik, sho‘rlanish va texnologik rivojlanishdagi eng katta tavakkalchiliklar hali oldinda. Sug‘urtalash tizimining ishlab ketishi bizning tushuntira olishimiz va ishni yaxshi tashkil qilishimizga bog‘liq”, degan vazir.
Tashabbuskor mutaxassislardan birining tushuntirish berishicha, a’zolik badallari o‘simlik va hayvonot turi hamda hududlardan kelib chiqib, alohida hisob-kitob qilinadi va Vazirlar Mahkamasi qarorida to‘liq ko‘rsatiladi. Lekin paxta va g‘alla hisobi allaqachon ishlab chiqilgan va bu aniq 4 foiz.
O‘zbekiston Ekologik partiyasi a’zosi Noiba Inoyatova qonun loyihasining 5-moddasida sug‘urta shartnomalari bir necha tavakkalchiliklar bo‘yicha tuzilishi belgilanganini aytib, quyidagilarni sanab o‘tgan:
- Tabiiy ofatlar;
- Yong‘in;
- O‘simliklarning kasallik va zararkunandalardan talafot ko‘rishi;
- Chorva mollarining yuqumli kasalliklardan nobud bo‘lishi va zaharlanishi;
- Yovvoyi hayvonlar tomonidan ekinlar va chorva mollariga yetkaziladigan zarar;
- Uchinchi shaxslarning xatti-harakatlari tomonidan yetkazilgan zarar.
Shundan so‘ng, deputat moddada ta’kidlangan uchinchi shaxslar deganda, kimlar nazarda tutilgani va shaxslar tomonidan yetkazilgan zararlarning bir qismini qoplash davlat byudjeti majburiyatiga olinishi qanchalik to‘g‘ri ekani haqida savol bergan.
Bunga javoban vazir Abdurahmonov qonunda aniqlik kiritilmagan bo‘lsa-da, sug‘orish tizimlarida suv yetkazib beruvchi – uchinchi shaxs hisoblanishini misol keltirgan. Uning gaplariga qo‘shimcha qilgan Iqtisodiyot va moliya vazirligidan vakil Botir Usmonaliyev ushbu tavakkalchilikning kiritilayotganiga quyidagicha izoh bergan:
“Birinchi sabab – biz tajribalarini o‘rgangan xorijiy davlatlarning suv xo‘jaligi sug‘urtasi to‘g‘risidagi qonunchiligida ushbu tavakkalchilik ham kiritilgan. Aytmoqchimanki, agar qasddan qilingan harakatlarni nazarda tutayotgan bo‘lsangiz, bular sug‘urtalanmaydi”, degan u.
Ma’lumot uchun, qonun loyihasining ikkinchi o‘qilishida mazkur tavakkalchiliklar qatoriga texnogen ofatlar ham kiritilgani aytilgan va umumiy jihatdan qonunda 7 ta tavakkalchilik nazarda tutilgan.
Badallar
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Abdumannop Bo‘riyevning qonun loyihasi bo‘yicha tushuntirish berishicha, badallar mahsulot turi, uning narxi hamda hududidan kelib chiqib turlicha baholanadi va shunga ko‘ra, viloyatlar o‘rtasida to‘lovlar farq qilishi mumkin.
Misol uchun, sug‘urta qilinayotgan hosilning umumiy narxi 100 million so‘m bo‘lsa, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari uning 10 foizini sug‘urta tashkilotiga – jamg‘armaga to‘lashi kerak bo‘ladi. Qonun loyihasiga ko‘ra, badalning 50 foizi davlat tomonidan subsidiya qilinadi. Demak, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari 100 million so‘mlik sug‘urta uchun 5 million so‘m to‘laydi, qolgan 5 million so‘m esa davlat byudjetidan qoplanadi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimning raqamlashtirilayotganini harchand takrorlayotgan bo‘lsa-da, korrupsiya ehtimolini butkul yo‘q deb bo‘lmaydi. Mazkur qonun loyihasi turli tavakkalchiliklar qarshisidagi qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari uchun “manfaatli” bo‘lishi mumkin, ammo bizni o‘ylantirishi kerak bo‘lgan jihat tizimning to‘g‘ri ishlashida, chunki davlat byudjetidan ajratilayotgan mablag‘lar soni katta.
LiveBarchasi