Iqtisodiy sudlar faoliyatiga o‘zgartirishlar kiritiladi

Jamiyat

image

Senatning navbatdagi yalpi majlisi kun tartibiga bir qator dolzarb qonunlar kiritilgan. Ular orasida “O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ham bor.

Mazkur hujjat biznes yuritishni yengillashtirish va O‘zbekistonda uni rivojlantirish uchun maksimal darajada qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan. Bu jarayonda ayniqsa, iqtisodiy sudlar faoliyati va jarayonini soddalashtirish nazarda tutilmoqda.

Sud amaliyoti tahlili shuni ko‘rsatadiki, 100 ta holatdan 6 tasida sud muhokamasi qoldirilmoqda. Bunday holatlarning 50 foizi taraflardan birining sud majlisiga kelmasligi va sud muhokamasining vaqti va joyi to‘g‘risida o‘sha taraf tegishli tarzda xabardor qilinganini tasdiqlovchi dalillar bo‘lmagani sabab bo‘lyapti.

Qonunga ko‘ra, Iqtisodiy protsessual kodeksining 171-moddasiga ko‘zda tutilmagan sabablar va favqulodda holatlar mavjud bo‘lganda sud muhokamasini qoldirish mumkinligini nazarda tutuvchi tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgan. Shuningdek, sud muhokamasini 10 kundan ortiq bo‘lmagan muddatga qoldirish mumkinligi, qoldirish va tanaffuslar miqdori esa 3 martadan ortiq bo‘lmasligi belgilanmoqda.

Bundan tashqari, iqtisodiy sudda nizolarni hal qilish usuli sifatida sudgacha majlis o‘tkazish imkonini beruvchi tartib joriy etilishi va bunda sud muhokamasining jadvalini aniqlash, kelishuv bitimi yoki nizolarni hal qilishning muqobil usullarini tuzish ehtimolini aniqlash, ushbu nizoning sudga taalluqliligi masalasini va boshqa protsessual masalalarni aniqlash nazarda tutilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Senat

Baholaganlar

38

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing