IIV YPX xodimlari DSI boshlig‘i o‘rinbosarini o‘ldirib qo‘ygani haqidagi xabarga munosabat bildirdi
Jamiyat
−
13 iyun 2021
25223Avvalroq Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on tumanida davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘ining o‘rinbosari yo‘l-patrul xizmati xodimlari tomonidan o‘ldirib qo‘yilgani haqida xabarlar tarqalgandi.
Holat jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘lishi ortidan Ichki ishlar vazirligi voqea yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi hamda tarqalayotgan xabarlarni yolg‘on va noxolis axborot deb atadi.
Vazirlik prokuratura organlari tomonidan holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini va tergov harakatlari olib borilayotganini ma’lum qilib, quyidagi asoslar bilan sodir bo‘lgan mazkur holatga o‘z munosabatini bildirgan.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 26-moddasiga ko‘ra “Jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan har bir shaxsning ishi sudda qonuniy tartibda, oshkora ko‘rib chiqilib, uning aybi aniqlanmaguncha u aybdor hisoblanmasligi belgilangan.
Vazirlik Jinoyat protsessual kodeksining 23-moddasi (Aybsizlik prezumpsiyasi)ni ham eslatib, unga ko‘ra, “Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi uning jinoyat sodir etishda aybdorligi qonunda nazarda tutilgan tartibda isbotlangunga va qonuniy kuchga kirgan sud hukmi bilan aniqlangunga qadar aybsiz hisoblanishi” qayd etgan. Mavjud qonunchilik talablariga amal qilinmagan holda munosabat bildirish natijasida ommada salbiy ijtimoiy fikr shakllanishiga sabab bo‘lishi mumkin.
“Shuningdek, jurnalistika faoliyati bilan shug‘ullanadigan har bir shaxs bevosita “Axborot olish kafolatlari va erkinligi to‘g‘risida”gi qonunning 11-moddasi (Axborotning to‘g‘riligi uchun javobgarlik)da qayd etilgan, ya’ni ommaviy axborot vositalari e’lon qilinayotgan axborotning to‘g‘riligini tekshirib ko‘rishlari shartligi va ular axborot beruvchi bilan birgalikda uning to‘g‘riligi uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar bo‘lishlari hamda “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi qonunning 5-moddasi (Ommaviy axborot vositalarining erkinligi)da ommaviy axborot vositalari qonun hujjatlariga muvofiq axborotni izlash, olish, tadqiq etish, tarqatish, undan foydalanish, uni saqlash huquqiga egaligi hamda tarqatilayotgan axborotning xolisligi va ishonchliligi uchun belgilangan tartibda javobgar bo‘lishi belgilanganligi haqidagi normalardan bevosita xabardor bo‘lishlari lozim.
Shu bilan birga, shaxsning qadr-qimmati kamsitilishiga yoki uning obro‘sizlantirilishiga olib keladigan yolg‘on yoki noxolis axborotni tarqatish, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatish qonunchilikka asosan javobgarlikka tortilishi uchun asos bo‘lishi mumkinligini eslatib o‘tamiz”, deyiladi vazirlik munosabatida.
Ma’lumot o‘rnida, 10 iyun kuni tunda 42 yoshli Kattaqo‘rg‘on tuman soliq inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari o‘zining Cobalt rusumli avtomobilida yo‘l harakati qoidalarini buzganligi sababli YPX inspektorlari tomonidan to‘xtatilgan.
Ichki ishlar vazirligi holat yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi. Unga ko‘ra, Joriy yilning 10 iyunida tungi soat 00:50 larda Cobalt rusumli avtotransport svetoforning qizil chirog‘idan to‘xtamasdan o‘tib, xodimlarning to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmasdan, avtotransportda yuqori tezlikda harakatlanib yashirinmoqchi bo‘lgan.
Hududdagi 4R-243 avtomobil yo‘lining 7 kilometriga yetganida Cobalt yo‘l qatnov qismining o‘rtasida to‘xtab, haydovchi avtotransportni tashlab, piyoda qochishga uringan.
Huquqbuzar, xodimlar tomonidan ushlanib, o‘ta mast holatda bo‘lganligi gumon qilinib, tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun taklif qilinganida, fuqaro A.A. ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablarini bajarmasdan faol qarshilik ko‘rsata boshlagan.
Shu vaqt oralig‘ida tibbiy ko‘rikka olib borish uchun transport vositasiga o‘tkazilgan fuqaro A.A.ning sog‘lig‘i yomonlashib, voqea joyiga tez tibbiy yordam xizmati chaqirtirilgan. Ko‘rsatilgan muolajalarga qaramay fuqaro A.A. vafot etgan.
Holat yuzasidan JKning 206-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
LiveBarchasi