Postlarni vazir va qo‘mondonning o‘zi “yopib berdi”
Jamiyat
−
24 mart 2020
16719Avval xabar berilganidek, 24 mart kuni kechki soat 00:01 dan Toshkent shahriga Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardan transport vositalarining kirishi va poytaxtdan chiqishi to‘xtatildi.
Mazkur jarayonda ishtirok etish maqsadida QALAMPIR.UZ xalq orasida “Erkin posti” deya nomlangan viloyatlar va Toshkent shahrini bog‘lovchi yo‘l-patrul xizmati maskani yopilishida ishtirok etdi. Holatni bevosita kuzatish uchun nazorat postiga Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Po‘lat Bobojonov va Milliy gvardiya qo‘mondoni, general-mayor Rustam Jo‘rayev tashrif buyurdi.
Mazkur muhim tadbirni amalga oshirishda huquqni muhofaza qilish organlarining ko‘p sonli xodimlari safarbar etildi. Biz ushbu jarayonda IIV YHXB matbuot xizmati katta mutaxassisi, podpolkovnik Zoir Saidaliyev bilan suhbatlashdik.
"Koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida Hukumatimiz tomonidan tezkor qarorlar qabul qilindi. 24 mart kuni 00:01 dan boshlab Toshkent shahri atrofidagi barcha YPX maskanlari, blokpostlar, to‘siq postlari, umuman, Toshkent shahridan chiqish va Toshkent shahriga kirib keluvchi barcha yo‘llar to‘liq yopildi. Asosiy maqsad – koronavirus infeksiyasining boshqa viloyatlarga tarqalib ketishi oldini olish va fuqarolarimizning epidemiologik osoyishtaligini ta’minlashdir.
Yopilish tartibi bo‘yicha aytadigan bo‘lsak, Toshkent shahrida doimiy ro‘yxatdan o‘tgan shaxslar, shuningdek, Toshkent viloyatida doimiy ro‘yxatdan o‘tgan holda Toshkent shahrida mehnat (xizmat) faoliyatini amalga oshirayotgan davlat organlari va muassasalari (nodavlat tashkilotlarida – ish beruvchi tomonidan taqdim etiladigan tegishli ruxsatnoma asosida) xodimlari hamda yuk tashish bilan bog‘liq hollarda Toshkent shahriga kirish va chiqishga ruxsat beriladi.
Bu vaqtinchalik choralar bo‘lib, karantin vaqtida ushbu postlarimizni to‘liq to‘sish nazarda tutilgan. Ushbu tadbirni amalga oshirishda Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Po‘lat Bobojonov va Milliy gvardiya qo‘mondoni, general-mayor Rustam Jo‘rayev shaxsan qatnashdi.
Albatta, bu choralarni fuqarolarimiz to‘g‘ri qabul qilishlari kerak. O‘ta osoyishtalik va bosiqlik bilan ushbu tadbirni o‘tkaza olsak, o‘zaro muloqotda shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilsak, postlarimizda yo‘l-patrul xizmati xodimlarining talablariga so‘zsiz itoat etsak, ushbu infeksiyani tarqalishiga oddiy fuqaro ham o‘z hissasini qo‘shgan bo‘ladi", deydi Zoir Saidaliyev.
Ma’lumot o‘rnida, ushbu tartib O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasi ko‘rsatmasiga ko‘ra ishlab chiqilgan.
Komissiyaning 21 mart kuni qabul qilgan qaroriga ko‘ra, 22 martdan boshlab barcha jamoat transportlari (avtobus, metro va yo‘nalishli taksi) harakati vaqtinchalik to‘xtatilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etildi. Ayni vaqtda ushbu virusni yuqtirib olganlar soni 50 nafarga yetdi.
Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor
LiveBarchasi