IIV shifokorning kaltaklanishiga munosabat bildirdi. Zo‘ravon Ichki ishlar xodimi bo‘lganmi?

3-sahifa

image

Ijtimoiy tarmoqlarda joriy yilning avgust oyida Andijondagi shifoxonada suratga olingan video tarqalmoqda. Unda fuqaro navbatsiz tekshiruv qilishni rad etgan shifokorga qo‘l ko‘targani aks etgan. Ushbu videoda shifokorni urgan yigit Ichki ishlar organlari xodimi Shohruh Madaminov ekani aytilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ushbu holat bo‘yicha rasmiy munosabat bildirdi. 

Vazirlik o‘z bayonotida holat aslida qanday ro‘y berganiga e’tibor qaratgan. 

“Andijon viloyati IIB Axborot xizmatining bergan ma’lumotiga ko‘ra, 2020 yil 29 avgust kuni soat 13:30larda tuman IIB profilaktika inspektoriga Andijon tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli 3-sonli qishloq oilaviy poliklinikada janjal bo‘lganligi haqida xabar kelib tushgan.

Holat o‘rganilganda, aniqlanishicha, mazkur poliklinika umumiy amaliyot shifokori fuqaro O.Yu., shu kuni ish faoliyatini olib borayotgan vaqtida, Andijon tumani Kengash MFYda istiqomat qiluvchi fuqaro M.G‘. jiyani M.A.ning sog‘lig‘i yomonlashganligi uchun uni tibbiy ko‘rikka olib kelgan,so‘ngra haqiqatan navbat talashib, fuqaro va shifokor o‘rtasida o‘zaro kelishmovchilik va janjal kelib chiqqan. Shifokorning tushuntirishiga ko‘ra mazkur holat yuzasidan unda hech kimga nisbatan da’vosi yo‘q, kelishmovchilik oqibatida tan jarohati olmagan.

O‘z navbatida, ikkinchi tomon M.G‘. ham ikki tomonlama janjal o‘zaro tushunmovchilik natijasida kelib chiqqanligini, shifokordan kechirim so‘rab, tartibsizlik qilganidan pushaymon ekanligini, xozirda shifokorga nisbatan e’tirozi yo‘qligini, tan jarohati olmaganligini bayon qilgan.

Tomonlar va guvohlarning ko‘rsatmalari hamda ish bo‘yicha to‘plangan materiallar huquqiy baholanib, ichki ishlar organlari tomonidan  jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish haqida qaror qabul qilingan”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, ushbu video ishtirokchilarining ichki ishlar idoralariga aloqasi yo‘q. 

IIV axborot tarqatuvchi televizion kanallar va ayrim ijtimoiy tarmoqlar, jamoatchilikka e’lon qilinayotgan ma’lumotlarni tekshirib, xolisligiga ishonch xosil qilganidan so‘ng aholiga yetkazishlarini so‘ramoqda. 

“Tekshirilmagan va yolg‘on axborotni, shuningdek ichki ishlar organlari xodimlarini obro‘sizlantirishga qaratilgan ma’lumotlarni tarqatish qonunda belgilangan tartibda javobgarlikni keltirib chiqarishini unutmasliklarini so‘rab qolamiz”, deyiladi bayonotda.
 


Maqola muallifi

Teglar

Ichki ishlar vazirligi

Baholaganlar

212

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing