IIV parda masalasida sudda yutqazishdan charchadimi? Vazirlik yangi qonun ishlab chiqdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi avtomobillar oynasiga parda taqish masalasida sudma-sud yurishdan charchagan ko‘rinadi. Fuqarolar parda bo‘yicha sudda g‘olib bo‘lgach, vazirlik bu masalani qonun bilan hal qilib qo‘yishni ma’qul ko‘rdi.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida IIV tomonidan ishlab chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 126-moddasiga o‘zgartish kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokamaga qo‘yildi.

Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 126-moddasini quyidagi tahrirda bayon qilish ko‘zda tutilgan:

126-modda. Ko‘zgusimon oynali, tevarak-atrofni ko‘rishni cheklaydigan qoplamali transport vositalaridan foydalanish, shuningdek transport vositalari oynalarini ruxsatnomasiz tusini o‘zgartirish (qoraytirish)

Texnik reglamentga muvofiq bo‘lmagan ko‘zgusimon oynali, tevarak-atrofni ko‘rishni cheklaydigan qo‘shimcha narsalar o‘rnatilgan yoki qoplamalar surtilgan transport vositalaridan foydalanish, xuddi shuningdek transport vositalarining orqa yoki old yon oynalarini tegishli ruxsatnomasiz tusini o‘zgartirish (qoraytirish), –

bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi;

Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, –

bazaviy hisoblash miqdorining o‘n besh baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Transport vositalarining orqa va old yon oynalarini tegishli ruxsatnomasiz tusini o‘zgartirish (qoraytirish), –

bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, –

bazaviy hisoblash miqdorining yetmish baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.”

Mazkur qonun YHXB xodimlariga haydovchilarni parda uchun jarimaga tortish imkonini beradi.

P.S. O‘zbekistonda qonunlar xalq manfaati uchun qabul qilinadi deb aytiladi. Ammo yuqoridagi qonundan xalqning manfaati nima bo‘lishi mumkin. O‘zbekiston jaziramasida yozning kunida oftobdan to‘yib bahra olishmi? Bu qonun deputatlar muhokamasidan so‘ng tasdiqlansa, saylov arafasida ularning imijiga ijobiy ta’sir qilmasligi turgan gap.


Maqola muallifi

Teglar

IIV qonun parda

Baholaganlar

608

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing