IIV: “Miraziz Bozorov tashqi kuchlar qo‘llovi ostida harakat qilmoqda”
Jamiyat
−
29 mart 2021
54122Xabaringiz bor, kecha, 28 mart kuni poytaxt Toshkentning Amir Temur xiyoboni atrofida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksidan besoqolbozlikka oid moddani chiqarib tashlanishiga qarshi tartibga solinmagan norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Ayni vaqtda ushbu namoyishlarda ishtirok etgan va tartibsizlik keltirib chiqargan 12 kishiga nisbatan jinoiy ochilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi mazkur holat bo‘yicha rasmiy videobayonot bilan chiqdi.
“Oxirgi kunlarda Bozorov Miraziz ismli fuqaro o‘zining ijtimoiy tarmoqlarida Toshkent shahridagi “Hazrati Imom” masjidi oldida va Amir Temur xiyobonida noan’anaviy jinsiy qarashlarga ega shaxslar tomonidan ommaviy namoyishlar o‘tkazish bo‘yicha chaqiriq bilan chiqqan. Ta’kidlash kerakki, Bozorov bundan avval ham bir necha bor jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan, shaxsning qadr-qimmatini kamsituvchi, millatimizga xos bo‘lmagan xurmacha qiliqlari aks etgan video lavhalarini ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatib, o‘zining buzuq xulq-atvorini ommaga namoyish qilib kelgan
Natijada, 28 mart kuni uning nomaqbul chaqiriqlarini o‘zlariga nisbatan haqorat deb hisoblagan bir guruh fuqarolarimiz bu holat yuzasidan o‘z fikr va qarashlarini bildirish maqsadida Toshkent shahridagi Amir Temur xiyoboniga to‘planishdi. Buning oqibatida mazkur shaxslar tomonidan ommaviy tartibsizlik sodir etilib, jamoat xavfsizligiga putur yetkazilgan. O‘z navbatida huquq-tartibot organlari tomonidan mazkur tartibsizlik keskin bartaraf etilib, huquqbuzarlik keltirib chiqargan shaxslar qo‘lga olingan”, deyiladi IIV bayonotida.
Vazirlikning videomurojaatida qo‘lga olingan 12 kishi yuzi berkitilgan holatda intervyu bergan. Ular o‘z ishidan pushayman ekanini aytmoqda. Ular shunday deyishgan:
• “Bu odamning gaplariga e’tibor bermanglar. Bunaqa fitnalarga uchish kerakmas ekan. Mana biz aldandik, ko‘rdik kimligini. Aql bilan ish qilish kerak ekan”.
• “Bu ma’lumot ishonchli emas ekan. Kim nima desa ketavermaslik kerak. Hamma narsani qayta tekshirish kerak ekan”.
• “Ichki ishlar xodimlari ham aytishyapti bu narsani. O‘zimizga yarasha tushundik. Shunga qarab xulosa qilamiz”.
• “Bizga bu yerda hamma narsani tushuntirishdi. Ko‘p narsalarnni bilmas ekanmiz. Birinchi o‘rinda qonunni bilmas ekanmiz. Ozgina tezlik, yoshlik qilib qo‘ydik”.
• “Bu tartibsizlikning oldi olinganidan, xalq tinchligidan xursandmiz. Huquq-tartibot xodimlari vaziyatni tinchlantirishda o‘z vazifalarni bajarishdi. Har qanday holatda ham qonuniy harakat qilish kerak ekan, degan xulosaga keldim”.• “Bolalarga aytamanmi, “bu yerga kel gaplashamiz”, “yana nimadir qilamiz”, “kelinglar gaplashamiz”, degan fitna gap bo‘lsa, shoshqaloqlik qilish kerakmas ekan. Iloji bo‘lsa egalariga, organ xodimlariga topshirish kerak ishni”.
• “Mana shunday yig‘ilish qilmoqchi bo‘lganlarga aytaman, birinchi o‘rinda manga o‘xshab qonuniy tarafini o‘rganmasdan bormanglar. Besoqolbozlikka jinoiy javobgarlik bor ekan. Yana bir narsani aytmoqchiman, bunday joylarga umuman bormanglar. Buni boshimdan o‘tkazdim: faqat xabar tarqatadi-yu, lekin o‘zlari kelmaydi”.
• “Qilgan xatti-harakatimiz noto‘g‘ri ekan. Besoqolbozlikka davlat tomonidan choralar bor ekan. Ijtimoiy tarmoqlarda turli xabarlar kelsa, ularning fitnasiga uchib o‘tirmanglar”.
• “Aralashish kerak emas. Ularga chora ko‘radigan insonlar bor, o‘zlariga qo‘yib beraylik”.
• “Ukam bu yerda kimlarningdir gapiga uchib, kerak bo‘lmagan ishni qilgan. Ota-onalarni, yoshlarni ogohlikka chaqiraman. Yo‘q narsalarning ortidan yurmanglar. Har xil manba, ma’lumotlarga uchmanglar. Bu noto‘g‘ri. Bunga mas’ul shaxslar bor. Ogoh bo‘lishingizni so‘rayman!”
• “Ota-onalar sal qattiqroq bo‘lishi kerak. Bolalariga qattiq bo‘lmaganligi uchun shunday bo‘lmoqda. O‘zining axmoqligi o‘zining boshiga”.
• “Yoshlarga maslahatim bo‘lar-bo‘lmas provokatsiyalarga ilinavermanglar. Turli ijtimoiy tarmoqlarda odamni chalg‘itib, hayot tarzidan chetga olib, kerakmas yo‘llarga solishmoqda. Kattalarga maslahatim yoshlarni yo‘lga solinglar”.
• “Har bir xabarni tagiga yetib keyin shunga qarab ish qilishni maslahat beraman. Bu juda ham afsuslanarli, yomon natijalarga olib kelishi mumkin ekan”.
Ichki ishlar vazirligining qayd etishicha, Miraziz Bozorov ilgari ham o‘ziga nisbatan ijtimoiy tarmoqlarda bildirilgan e’tirozlarga javoban, o‘zini jabrdiyda qilib ko‘rsatib, O‘zbekiston noan’anaviy qarashlarga ega shaxslarga nisbatan go‘yoki bosim o‘tkazilayotganiligiga xorijiy davlatlarning vakillari va xalqaro tashkilotlarning e’tiborini qaratishga urinib kelgan.
“Buzg‘unchi tashqi kuchlar va g‘araz niyatdagi turli xalqaro nohukumat tashkilotlar ko‘magi va qo‘llovi ostida harakat qilayotgan ushbu shaxs besoqolbozlik va shu kabi salbiy illatlarning O‘zbekiston qonunchiligida ta’qiqlangan bo‘lishiga qaramasdan, uni ommaviy targ‘ib qilishga harakat qilgan va fuqarolarda norozilik, toqatsizlik kayfiyati shakllanishiga sabab bo‘lgan”, deyiladi bayonotda.
Eslatib o‘tamiz, Bozorov kecha, 28 mart kuni o‘z uyi oldida noma’lum shaxslar tomonidan o‘lasi qilib do‘pposlandi. U zudlik bilan shifoxonaga yotqizilgan.
Tibbiyot muassasasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, unda bosh miya ochiq va yopiq jarohatlari, o‘ng qosh sohasi yirtilgan jarohati, ko‘krak qafasi va qorin sohasi yumshoq to‘qimalari lat yeyishi, o‘ng oyoq boldir suyagi ochiq sinishi jarohatlari qayd etilgan.
Ma’lumot o‘rnida, bundan bir necha kun avval Human Rights Watch xalqaro inson huquqlari tashkiloti rasmiy Toshkentga yangi tahrirdagi jinoyat kodeksidan besoqolbozlik moddasini chiqarib tashlashni so‘rab, murojaat kiritgan edi. Ayni vaqtda mazkur masala siyosat va din vakillari, jamoatchilik orasida ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Deputat Rasul Kusherboyev birinchilardan bo‘lib Human Rights Watch’ning talabiga qarshi chiqdi. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Islom sivilizatsiyasi markazi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi bosh mutaxassisi Abror Muxtor Aliy esa QALAMPIR.UZ’ga bergan intervyusida xalqaro tashkilotning O‘zbekistonga yo‘llagan ushbu murojaati va talabi davlat va xalq o‘rtasida nizo keltirib chiqarishga qaratilganini urg‘uladi.
LiveBarchasi