IIV xodimlarining paxta terimiga yuborlishi bo‘yicha bayonot berdi

Jamiyat

Keyingi kunlarda ichki ishlar organlari xodimlarini boshlang‘ich tayyorlash va malaka oshirish markazlarining tinglovchilari paxta yig‘im-terimiga jalb etilishidan noroziligi haqidagi videolavhalar internet ijtimoiy tarmoqlarida tarqaldi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tarqalgan xabarlar yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.

“Mazkur videolavhalar o‘quv markazlariga joriy yilning 11 sentyabridan boshlab, bir oylik malaka oshirish o‘quv yig‘iniga kelgan ayrim tinglovchilar tomonidan tasvirga olinib, tarqatilgan.

Ushbu qisqa muddatli o‘quv yig‘inlarida tahsil olayotgan tinglovchilarni paxta yig‘im-terimiga jalb etish bo‘yicha biron-bir topshiriq berilmagan, bugungi kunda barcha tinglovchilar bilan rejalashtirilgan o‘quv mashg‘ulotlari olib borilmoqda. Mashg‘ulotlar 11 oktyabrgacha davom etib, shundan so‘ng tinglovchilar tegishli viloyatlarga o‘z xizmat joylariga qaytarib yuboriladi.

Tarqatilgan videolavhalarda tinglovchilar o‘quv maskanlari hududida ekanligi va paxta terimi bilan bog‘liq bo‘lgan hech qanday holatlar aks ettirilmaganligi ko‘rinib turibdi. Bundan tashqari, ushbu lavhalar ayrim tinglovchilarning asoslanmagan fikrlariga ko‘ra atayin tayyorlanib, ichki ishlar organlarini obro‘sizlantirish, xodimlar sha’niga putur yetkazish maqsadida ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirilganini anglash qiyin emas.

Ayni paytda o‘quv markazlarida yuqorida qayd etilgan holatlar bo‘yicha ichki surishtiruv ishlari o‘tkazilmoqda.

Ichki ishlar organlari xodimlari uchun har qanday holatda o‘z qasamyodiga sodiq qolgan holda, eng avvalo, el-yurt ravnaqi yo‘lida xizmat qilish oliy burch hisoblanadi.

Qayd etish joizki, bugungi kunda ichki ishlar organlari xodimlari boshqa tadbirlar qatorida paxta yig‘im-terim mavsumida jamoat tartibini saqlash, paxta hosilining nes-nobud bo‘lishi va talon-toroj qilinishining oldini olish, terimga  jalb etilgan hasharchilarni tashish vaqtida xavfsizlikni ta’minlash va boshqa ommaviy tadbirlarda amaldagi nizom va buyruqlar asosida faol ishtirok etmoqdalar.

Shu bilan birga, Ichki ishlar vazirligining matbuot xizmati turli ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilaridan tasdiqlanmagan axborotlarga ishonib, ortiqcha ehtiroslarga berilmasdan, vazirlikning rasmiy ma’lumotlariga tayangan holda fikr yuritishlarini so‘raydi.

Ijtimoiy tarmoqlardagi ichki ishlar organlari faoliyati bilan bog‘liq har qanday xabar yoki ma’lumotlar bo‘yicha vazirlikning vakolatli organlari tomonidan rasmiy munosabat bildirib boriladi”, deyiladi vazirlik bayonotida.


Maqola muallifi

Teglar

IIV paxta terimi

Baholaganlar

128

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing