Propiska bilan bog‘liq xabarlarda jurnalist va blogerlar aybdor - IIV

Jamiyat

image

Joriy yilning 10 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi media-rejasiga asosan, Agentlik anjumanlar zalida “Jinoyatchilik profilaktikasi va unga qarshi kurashish, shuningdek, propiska masalalari” yuzasidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi boshlig‘i polkovnik B.Shariksiyev, Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi boshlig‘i polkovnik A.Ismoilov, Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi boshlig‘i general-mayor Q.Burxonov hamda mazkur xizmatlarning mas’ul xodimlari anjumanda qatnashgan ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlarning savollariga javob qaytarishgan edi.

O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasining ma’lum qilishicha, anjumanda migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish sohasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 11 iyuldagi “Ichki ishlar organlarining migratsiya jarayonlari va fuqarolikni rasmiylashtirish sohasidagi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3126-sonli Qaroriga asosan, aholini pasportlashtirish, O‘zbekiston Respublikasidan chiqish, unga kirish va unda bo‘lish, fuqarolikni qabul qilish, yo‘qotish va fuqarolikdan chiqish kabi davlat xizmatlarini ko‘rsatishning shaffofligini ta’minlash va tartib-taomillarini soddalashtirishga qaratilgan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini o‘z faoliyatida keng qo‘llash, soha faoliyatini samarali rejalashtirish va tashkil etishni ta’minlovchi mexanizmlarini joriy etish ustuvor vazifa etib belgilangani aytilgan.

Shuningdek, joriy yilning 5 oyi mobaynida 580 ming 353 nafar fuqarolarga biometrik pasportlar rasmiylashtirib berilgani hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 16 avgust kunidagi “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijga chiqish tartibini takomillashtirishga doir muhim chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-5156-son Farmoniga muvofiq joriy qilingan xorijga chiqish biometrik pasporti 312 ming 264 nafar fuqarolarga rasmiylashtirib berilgani ta’kidlangan.

Tadbirda qayd etilishicha, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonlariga asosan, jami 2 ming 72 nafar fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilindi. Shuningdek, Toshkent shahriga 16 ming 785 nafar va Toshkent viloyatiga 6 ming 411 nafar fuqarolar doimiy propiskaga qo‘yildi hamda mamlakatimizda vaqtinchalik yashovchi 7 ming 898 nafar chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni viza muddatlarini uzaytirish haqidagi arizalari ko‘rib chiqilib, viza muddatlari uzaytirilib berildi.

Bundan tashqari, huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasida amalga oshirilgan ishlar natijasida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan jinoyatchilik
30,4 foizga kamayishiga erishilgani alohida qayd etilgan.

"Biroq, ba’zi elektron ommaviy axborot vositalari vakillari o‘zlari bergan savollarga qaytarilgan javoblarni noto‘g‘ri talqin qilib, ijtimoiy tarmoqlardagi o‘z manbalarida tarqatganlar. Ba’zi bir elektron ommaviy axborot vositalari ham ushbu noto‘g‘ri talqin qilingan javoblarni ko‘chirib, o‘z manbalarida e’lon qilganlar. Bu esa o‘z navbatida manbadan foydalanuvchilarni chalg‘itishga, qonunchilikni noto‘g‘ri tushunishga olib keladi.

Bir qancha misollar keltiramiz. Muloqotda ishtirok etgan jurnalistlardan birining “Ma’lumki, Toshkent shahrida propiska tartibini buzgan viloyatliklar jarimaga tortiladi. Xuddi shu qoida boshqa viloyatlarga borgan Toshkentliklar uchun ham qo‘llaniladimi?” degan savoliga, B.Shariksiyev tomonidan qaytarilgan javob noto‘g‘ri talqin qilingan.   

Javobda, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilish alohida tartib asosida amalga oshirilishi, boshqa viloyatlarda doimiy propiska qilishda muammolar yo‘qligi nazarda tutilgan.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 223-moddasida, (Pasport tizimi qoidalarini buzish) pasporti bo‘lishi shart bo‘lgan fuqaroning pasportsiz yoki haqiqiy bo‘lmagan pasport bilan, vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yoxud turgan joyi bo‘yicha hisobda turmasdan yashashi, pasportni qasddan yaroqsizlantirishi, shuningdek pasportni beparvolik bilan saqlashi va buning oqibatida pasportning yo‘qolishi — eng kam ish haqining ikkidan bir qismidan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi, deb qayd etilgan.

Kodeksning ushbu moddasi, O‘zbekiston Respublikasining barcha fuqarolariga shu jumladan, Toshkent shahrida doimiy propiskada turgan fuqarolarga tegishli bo‘lib, ular ham pasport tizimi qoidalariga amal qilishga majburdirlar.

Yana bir misol. Qaysi ob’ektlarda foto va video tasvirlarga olish taqiqlanishi so‘ralganda, Q.Burxonov tomonidan “Foto, video tasvirga olish taqiqlanadi” belgilari qo‘yilgan ob’ektlardagina taqiqlanishi aytilgan javob ham o‘zgacha talqin qilingan. Jumladan, https://t.me/no_ext havolasi bilan joylashtirilgan material egasi berilgan javobni o‘zi yozib, uning mohiyatini tushunmagan ko‘rinadi. Javob: “Yest ob’ektы, gde s’yomki zapreenы. K primeru, vokzalы i aeroportы. Eti ob’ektы osnaenы spetsialnыmi znakami…”. Vokzal va aeroportlar misol tariqasida qayd etilganini o‘zi yozgan bo‘lishiga qaramasdan, e’lon qilgan materialida javobni to‘g‘ri tushunmaganini haqoratomuz so‘zlar bilan talqin qilgan.

Shuningdek, “Gazeta.uz” sayti muxbiri ham Ichki ishlar vazirligi vakolatiga kirmaydigan savol bilan murojaat qilgan va o‘z manbasiga “V MVD ne smogli ob’yasnit diskriminatsiyu grajdan po propiske” deb, talqin qilgan.

Matbuot anjumanida ishtirok etib, savollar berayotgan OAV vakillariga qarata shuni aytish lozimki, savol berishdan oldin matbuot anjumani mavzusi bilan tanishib, savollarni mavzu doirasida bersalar. Chunki, ichki ishlar organlarining sohaviy xizmatlari ko‘p tarmoqli bo‘lganligi sababli, matbuot anjumaniga mavzuga oid tegishli mutaxassislar taklif etiladi. Agar OAV vakillari bergan savollariga olgan javoblarini tushunmasalar, o‘zlaricha sharhlamasliklari kerak. Ularning o‘z tushunchalarida talqin qilgan xabarlari manba foydalanuvchilarini chalg‘itishga olib keladi. Shuningdek, matbuot anjumanida ishtirok etgan ayrim ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar atrofdagilarni hurmat qilgan holda oddiy odob-ahloq normalariga (behurmatlik bilan saqich chaynash, boshqalarga nisbatan hurmatsizlik bilan o‘tirish...) rioya qilsalar, o‘zlarining yuksak madaniyat sohibi ekanliklarini namoyon qilgan bo‘ladilar. Albatta, har bir o‘zkazilayotgan tadbirlar barcha uchun foydali bo‘lishi va xalqimiz manfaati uchun xizmat qilishi zarur. Ba’zi bir OAVlarining noto‘g‘ri talqin qilib, o‘z manfaatlarini o‘ylab, boshqalar sha’nini yerga urib tarqatgan mantiqsiz xabarlari go‘yoki ularning foydalanuvchilari sonini ortirib, obro‘larini oshib yuboradi.    

O‘ylaymizki, tegishli jurnalist va blogerlar o‘zlariga to‘g‘ri xulosa chiqaradilar", deyiladi IIV bayonotida.


Maqola muallifi

Teglar

IIV Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

Baholaganlar

19

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing