IIV blogerlar “Sanjar Xo‘ja” va Sherali Komilov nega qidiruvga berilganini ochiqladi
3-sahifa
−
11 avgust 2023
26172O‘zbekistonlik ikki bloger – “Sanjar Xo‘ja” taxallusi bilan tanilgan Sanjar Ikromov hamda Sherali Komilov qidiruvga berilgani haqida xabar bergan edik. Ichki ishlar vazirligi yuqorida nomi keltirilgan shaxslar nima uchun qidirilayotganini ochiqladi.
Ma’lum qilinishicha, 1988 yilda tug‘ilgan Sanjar Ravshanovich Ikromov 2011 yilning 1 mart kuni Toshkent shahri Olmazor tumanida fuqaro F.X.dan avtomashinalar oldi-sotdisi bilan shug‘ullanishini aytib, Sergeli avtomobil bozoridan arzon garovga Nexia avtomashinasini olib berishni va’da qilib, 20 million so‘m pulni aldov yo‘li bilan undirib, o‘z ehtiyojlariga ishlatib yuborganlikda ayblanmoqda.
Holat yuzasidan 2012 yil 31 mart kuni Toshkent shahri Olmazor tumani IIB tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, gumondor S.Ikromov “tergovdan yashiringani” sababli, unga nisbatan qidiruv e’lon qilingan.
1979 yilda tug‘ilgan Sherali Nabixonovich Komilov muqaddam 2011 yilda Jinoyat kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik), 2022 yil 14 mart kuni 168-modda (firibgarlik) 3-qismi “b” bandi bilan sudlangan.
Shuningdek, u 2021 yil 6 iyun kuni fuqaro Sh.S.ga (ayol) o‘zini mustaqil jurnalist va bloger deb tanishtirib, ayolning o‘g‘li – 1999 yilda tug‘ilgan Sh.A.ga nisbatan Qashqadaryo viloyati Koson tumani jinoyat ishlari sudining Jinoyat kodeksining 119-moddasi (jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish) 3-qismi “b” bandi hamda 137-moddasi (odam o‘g‘rilash) 2-qismi “a”, “v” bandlari bo‘yicha hukmini ijtimoiy tarmoqlar orqali e’lon qilib, “sun’iy shov-shuv ko‘tarib”, “sudning keyingi instansiya qarorlariga ta’sir o‘tkazib”, jazoni yengillashtirib berishni va’da qilgan hamda jabrlanuvchidan 5 million so‘m miqdorida pul undirib, o‘z ehtiyojlariga sarflab yuborgan. Shuningdek:
2021 yilning 17 dekabr kuni Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida fuqaro S.G. (ayol)ning, ishonchiga kirib, sobiq turmush o‘rtog‘i qarz bo‘lib qolgan ma’lum miqdordagi aliment pulini undirib berishni va’da qilib, jabrlanuvchidan aldov yo‘li bilan 5 million so‘m miqdorida pulini olib, o‘z ehtiyojlariga ishlatib yuborgan;
2021 yilning dekabr oyida fuqaro Q.X.ni uy-joy bilan bog‘liq muammoli masalasini hal etib berishni va’da qilib, jabrlanuvchidan turli vaqtlarda 3 million so‘m, so‘ng 300 AQSH dollari miqdorida pullarini aldov yo‘li bilan undirib, o‘z ehtiyojlariga ishlatib yuborgan;
2022 yilning 19 dekabr kuni ijtimoiy tarmoqlar orqali Qarshi shahar 5-son tergov hibsxonasi xodimi M.A. va Qarshi shahar IIB vaqtincha saqlash hibsxonasi xodimi B.B.ni sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi so‘zlar bilan haqorat qilganlikda ayblanayotgani ma’lum qilingan.
Hozirda Sh.Komilov Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “b” bandi, 140-moddasi (haqorat qilish) 3-qismi “a” bandi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari doirasida xavfli retsidivist deb topilib, tergov organlaridan yashiringanligi sababli qidiruv e’lon qilingan.
“Mazkur shaxslarni yashiringan joyi haqida xabardor bo‘lgan fuqarolardan 102 raqamiga yoki ichki ishlar organlariga xabar berishlarini so‘raymiz”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq yana bir bloger, sobiq deputat Qobul Dusovning ham qidiruvga berilgani haqida xabarlar tarqaldi, biroq keyinchalik bu anglashilmovchilik ekani ma’lum qilindi.
LiveBarchasi