IIO xodimlari kutgan qonun Senatdan o‘tmadi
Tahlil
−
16 avgust
6950Ichki ishlar xodimlarini ish vaqtida foto va videoga olib internetda e’lon qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilash taklif qilingani yodingizda bo‘lsa kerak. Bu o‘zgarish jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘lganiga qaramay, deputatlar tomonidan muhokama qilinib, o‘tgan yilning noyabr oyida Senatga yuborilgan edi. Oradan yarim yildan ortiq vaqt o‘tib, bir necha o‘zgartirishlarni o‘zida jamlagan qonun senatorlar tomonidan qayta ko‘rish uchun Qonunchilik palatasiga yuborildi.
“Yo‘l harakati xavfsizligi tizimini takomillashtirish munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonunda bir nechta o‘zgartishlar bor. Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilayotgan 192-2-moddani tahririda ham bir qator masalalar bor. Ushbu modda ham qayta ishlanishi zarur. Qonunning bu kabi ijobiy jihatlariga qaramasdan, qo‘mitamiz tomonidan senatorlar va Qonunchilik palatasi deputatlari bilan maslahatlashgan holda qonunni qayta ishlash kerak, degan xulosaga keldik. Chunki Qonundagi ayrim normalarning mavjud real voqelik, amaldagi qonun hujjatlariga nechog‘lik mos kelishi va boshqa holatlarga yetarlicha e’tibor qaratishi lozim. Senat a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlaridan iborat kelishuv komissiyasini tuzishni va Qonunni qayta ko‘rib chiqishni taklif qilaman”, deydi senator Tolibjon Madumarov.
Senatorga ko‘ra, qonunni o‘rganishda bir emas, bir nechta normalardagi bo‘shliqlar ko‘zga tashlangan. Ularni yanada mukammallashtirish, boshqa hujjatlar bilan solishtirish, bo‘shliqlarni to‘ldirish maqsadida qayta ko‘rish uchun ortga qaytarilgan.
“Bugungi kunda kiritilayotgan bu normalarning real voqelikka bog‘liqlik holati qanday?. Biz aynan shu tomonlarini ham o‘rgandik. Bundan tashqari, amaldagi qonunchilik talablariga mos keladimi, degan savollar ham ko‘rildi. Deputatlar ma’qullagan Qonunga o‘z fikrlarimizni bildirib, qayta ko‘rib chiqish kerak degan qarorga keldik”.
Tolibjon Madumarovning aytishicha, bu hujjatning ortga qaytishi bu norma olib tashlanadi, degani emas, har bir o‘zgartish yana qayta o‘rganiladi, tekshiriladi va yakuniy qarorga kelinadi. Agar aynan IIO xodimlarini foto va videoga olib, uni tarqatish uchun javobgarlik belgilash haqidagi norma boshqa hujjatlar bilan yoki bugungi kundagi real holatlarga to‘g‘ri kelmasa, olib tashlanadi.
“Ma’muriy kodeksga kiritilayotgan 195-2-moddasini juda mukammal o‘rgandik. Ichki ishlar xodimlari, jamoatchilik va boshqalar bilan ham fikr almashdik. Bu normani mukammal tahrir qilish masalasida to‘xtadik. O‘rganish davomida to‘g‘ri kelmagan normalar olib tashlanadi. Bizning maqsadimiz qonun bekor bo‘lmasligi. Komissiya tuzish orqali normalar boshidan o‘rganiladi va bir qarorga kelinadi”, deydi senator.
Tolibjon Madumarovning aytishicha, “Yo‘l harakati xavfsizligi tizimini takomillashtirish munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun aslida juda muhim.
2023 yilda faqatgina foto, video yordamida qariyb 13 mln ga yaqin yo‘l harakati qoidabuzarligi aniqlangan. Ularning 3 mln 351 tasi bitta transport vositasi haydovchisi tomonidan to‘rt marta sodir etilgan. Eng achinarlisi, ulardan 18 mingtasi bir haydovchi tomonidan 100 tadan ortiq sodir etilgan qoidabuzarliklardir. Senatorga ko‘ra, Qonun bilan kiritilayotgan ayrim o‘zgarishlar haydovchilarning sergak tortishiga yordam beradi.
LiveBarchasi