IIO xodimiga $3 ming pora taklif qilgan shaxs ushlandi (video)
3-sahifa
−
13 avgust 855 2 daqiqa
Namangan viloyatida o‘ziga nisbatan to‘plangan hujjatlarni tergov organlariga yubormaslik va bank tomonidan bloklangan mablag‘larni blokdan chiqarib berish evaziga ichki ishlar xodimiga 3 ming AQSH dollari miqdorida pora taklif qilgan fuqaro ushlandi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Davlatobod tumanida yashovchi fuqaroning arizasi yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan. O‘rganishlar davomida bank plastik kartasi 2002 yilda tug‘ilgan fuqaroga tegishli ekani, undagi pul mablag‘lari boshqa tadbirkorning bank kartasiga o‘tkazilgani aniqlangan.
Shuningdek, MCHJ rahbariga tegishli iPhone 15 Pro Max va Galaxy A34 5G rusumli telefonlar ko‘zdan kechirilgan. Qurilmalarda o‘rnatilgan Mobcash ilovasidagi boshqa shaxs profilining limit hisobida 40 million 615 ming so‘m, tranzaksiyalar tarixida esa 4 milliard 991 million so‘m mablag‘ aks etgani aniqlangan. Mazkur holatlar yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan.
Shundan so‘ng, gumonlanuvchi fuqaro unga nisbatan to‘plangan hujjatlarni tergov organlariga topshirmaslik, qonuniy chora ko‘rmaslik hamda bank tomonidan bloklangan mablag‘larni chiqarib berish evaziga ichki ishlar xodimiga 3 ming dollar berishni taklif qilgan. Biroq ichki ishlar xodimi pora olishdan bosh tortgan.
IIV Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Fuqaro Namangan shahridagi Namangoniy ko‘chasida mayor Sultonovga 3 ming AQSH dollarini pora tariqasida berayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Mazkur holat yuzasidan 1991 yilda tug‘ilgan shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 211-moddasi (pora berish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan psixotrop modda bilan ushlangan fuqaro holatni hujjatlashtirmaslik evaziga xodimlarga 10 ming AQSH dollari miqdorida pora taklif qilgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi