IIO xodimi kushxonadan qochgan buqani otib o‘ldirdi (video)
3-sahifa
−
21 avgust 2025 19625 2 daqiqa
Kecha, 20 avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda kushxonadan qochib ketgan buqa fuqarolarni suzib ketgani va ichki ishlar organi xodimi tomonidan otib o‘ldirilgani haqida xabarlar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi bugun, 21 avgust kuni munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, tungi soat 02:00 da Chilonzor tumani 1-son Ichki ishlar bo‘limiga kushxonadan qochib ketgan qoramol bir nafar fuqaroni suzib ketgani va boshqa tinch aholi vakillari hayotiga ham xavf tug‘dirayotgani haqida xabar tushgan. Chilonzor tumani Bekto‘pi mahallasida tuman Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limidan tungi xizmatga jalb qilingan xodimlar kushxona ishchilari bilan birgalikda ushbu yirik qoramolni tutish uchun harakatga tushgan.
Bildirilishicha, Chilonzor tumani IIO FMB 1-son IIB boshlig‘i Baxtiyor Xo‘jayev voqea joyiga zudlik bilan yetib borgan.
“1972 yilda tug‘ilgan fuqaromiz haqiqatan buqa tomonidan suzilganini, ya’ni jarohat olganini ko‘rdik va tez tibbiy yordam xodimlarini chaqirdik. Shundan so‘ng ushbu buqani ushlash maqsadida tungi xizmatga tushgan ekipajlarni chaqirdim”, deydi Baxtiyor Xo‘jayev.
Uning bildirishicha, buqa ko‘chada odamlarga qarab yugurib ketayotganda mashinasi bilan uni siqib, urishga majbur bo‘lgan. Buqa uni ushlashga uringan inspektorni ham suzib o‘tib ketgan. Inspektor shifoxonaga yotqizilgan.
“Bemor ertalab buqa suzib yuborishi oqibatida tan jarohati olib, og‘ir holatda bizga olib kelindi. Bemorda bosh miyaning yopiq jarohati, bosh miya chayqalishi, ko‘krak qafasi, yuz sohasi, ko‘krak qafasi old yuzasi va yon yuzalarida shikastlangan jarohatlari kuzatildi va kerakli tekshiruvlar qilindi. Hozirda bemorning holati o‘rta og‘irlikda. Endilikda bemor neyroxirurgiya bo‘limida yana davolanishni davom ettiradi”, deydi shifokor.
Bildirilishicha, buqa shahar ko‘chalari bo‘ylab yugurib yurgani sababli boshqa fuqarolarga yana shikast yetkazmasligi uchun unga o‘q otilgan va zararsizlantirilgan.
Live
Barchasi