IIBB ogohlantirish bilan chiqdi
Jamiyat
−
07 noyabr
15631Shu kunlarda firibgarlar tomonidan Telegram orqali yuqori lavozimlarda ishlovchi vazirlik, idora va turli xil tashkilotlar rahbar hamda mas’ul xodimlari nomidan soxta profillar yaratilib, qo‘l ostidagi xodimlarni aldash holatlari kuzatilmoqda. Bu haqda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, muloqot davomida xodim bilan go‘yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlar qiziqayotgani va undan (rahbardan) ba’zi ma’lumotlarni so‘rashganini aytadi. Birozdan so‘ng unga huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimi aloqaga chiqishini ma’lum qiladi. Firibgarning, ya’ni “o‘z rahbari”ning gaplariga ishongan xodim bir necha daqiqadan so‘ng u bilan aloqaga chiqqan shaxs (go‘yoki huquqni muhofaza qiluvchi organ vakili)ga so‘ragan barcha ma’lumotlarini berib yuboradi. Oqibatda firibgarlar tuzog‘iga ilingan ishchi-xizmatchilar plastik kartalaridagi pul mablag‘laridan ayrilib qolmoqda.
“Ogoh bo‘ling, shu turdagi kelgan SMS yoki boshqa xabarlarni qabul qilish va ishonishdan oldin telefon orqali qo‘ng‘iroq qilib yoki shaxsan xabar yuborgan shaxsga aloqaga chiqib, xabarni qayta tekshirib ko‘ring!”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, fuqarolardan shu kabi holatlarga duch kelgan taqdirda IIBBning 71-206-55-00 yoki 102 raqamlariga murojaat qilish so‘ralgan.