IIBB “hijobli ayollarning ushlanishi” voqeasiga izoh berdi
Jamiyat
−
23 Sentabr 2020
23953Ijtimoiy tarmoqlarda Ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya xodimlari ro‘mol o‘ragan ayollarni avtobusga chiqarayotgan video tarqaldi. Unda muallif organ xodimlari ayollarga ozor berayotgani aytilgan. Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi mazkur holat yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.
IIBBning ta’kidlashicha, videodagi voqea joriy yilning 21 sentyabr kuni taxminan soat 19:25 da Shayxontohur tumani G‘uncha massivi hududida ro‘y bergan. Boshqarma ro‘mol o‘ragan ayollarga hech qanday ozor berilayotgani yo‘q, bunday topshiriqlar bo‘lmagan, bo‘lmaydi ham, deya qo‘shimcha qilgan.
Maxlum qilinishicha, ichki ishlar va MG xodimlari ayollarni faqatgina avtobusga taklif qilgan. Bundan maqsad suhbat o‘tkazish bo‘lgan.
“Ayollarni avtobusga taklif qilishdan yagona maqsad – koronavirus infeksiyasi tarqalishi munosabati bilan xavfsizlik me’yorlariga rioya qilish muhimligi haqida santariya-epidemiologiya nazorati xizmati va profilaktika inspektorlari tomonidan profilaktik suhbatlar o‘tkazilishi bo‘lgan”, deyiladi boshqarma munosabatida.
Qayd etilishicha, jamoat joyida tibbiy niqobsiz bo‘lgan fuqaro S.N. va N.R. sanitariya-epidemiologiya xizmati vakillari va profilaktika inspektorlari tomonidan profilaktik suhbat o‘tkazish uchun avtobusga chiqayotgan vaqtlari video muallifi tomonidan tasvirga tushirilgan.