Igor Nikolayev operatsiyadan so‘ng ekranga qaytdi
Madaniyat-san’at
−
18 dekabr 2023
3859Rossiyalik taniqli xonanda va bastakor Igor Nikolayev kasallikdan keyin birinchi marta ekranlarda paydo bo‘ldi. Bu haqda “Gazeta.ru” nashri ma’lum qildi.
Gap shundaki, 15 sentyabr kuni Nikolayev zudlik bilan shifoxonaga yotqizilgandi. Mahalliy nashrlarning yozishicha, san’atkor yurak xuruji sabab reanimatsiya bo‘limiga joylashtirilgan. 19 sentyabr kuni esa unda yurak jarrohligi operatsiyasi o‘tkazilgan. Operatsiyadan so‘ng, 22 sentyabr kuni Nikolayev tuzalib, gimnastika va jismoniy mashqlarni bajarayotgani aytilgandi.
Bildirilishicha, Igor Nikolayev operatsiyadan so‘ng birinchi marta televideniyeda chiqish qildi. U teleboshlovchi Yuriy Nikolayevning 75 yilligiga bag‘ishlangan “Segodnya vecherom” (“Shu kecha”) dasturida ishtirok etdi. Efirda bastakor hamkasbini tug‘ilgan kuni bilan tabrikladi va unga musiqiy sovg‘a sifatida yangi “18 yil” qo‘shig‘ini kuyladi.
Shuningdek, xonanda boshlovchini o‘g‘lidek ko‘rishini bildirdi va u uchun “Ostrov Yuriy” (“Yuriy oroli”) qo‘shig‘ini yozganini esladi.
“Bu bizning kun qahramonimiz haqida. U butun umri davomida turli vaziyatlarga duch kelgani haqida. Lekin u hamisha muammolar ustidan g‘olib chiqadi”, dedi Nikolayev.
Ma’lumot uchun, Igor Nikolayev 1960 yil 17 yanvarda Saxalin viloyatida tug‘ilgan. 1980 yildan Alla Pugachyovaning “Retsital” ansamblida klaviaturachi va aranjirovkachi sifatida ishlay boshlagan. 1983 yilda Alla Pugacheva Igor Nikolayevning musiqasi asosida “Ayzberg” va “Menga ayting, qushlar” qo‘shiqlarini kuylagan. 1985 yilda “Yil qo‘shig‘i” televizion festivalida Igor Nikolayevning “Parom” (Alla Pugacheva ijrosida) va “Komarovo” (Igor Sklyar ijrosida) musiqalarining premeralari bo‘lib o‘tgan. U 2019 yilda Rossiya Federatsiyasi xalq artisti unvonini olgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq rus estradasi primadonnasi Alla Pugachyovaning qizi Kristina Orbakayte va Rossiya xalq artisti Igor Nikolayev Ukraina bayrog‘i ranglari aks etgan kiyimda duet ijro etgandi.
LiveBarchasi