Koronavirus sabab Tokio Olimpiadasi Londonga ko‘chiriladimi?
Olam
−
24 fevral 2020
6377Tokio-2020 tashkiliy qo‘mitasi Olimpiya o‘yinlari uchun ko‘ngillilarni tayyorlash jarayonini kechiktirdi. Bunga butun dunyoga xavf solayotgan COVID-19 koronavirusi sabab bo‘lmoqda, deya xabar berdi tashkiliy qo‘mita matbuot-xizmati.
Ko‘ngililarni jamlash ayni kunlarda amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan edi. Ammo tashkilotchilar hali Olimpiya o‘yinlarini bekor qilish masalasini ko‘rib chiqqani yo‘q. Bir tomondan Tokio hukumati barcha ommaviy tadbirlarni bekor qilmoqda. Shu bois ham 2,7 ming kishidan iborat ko‘ngillililar uchun Olimpiya o‘yinlarida ishlash jarayoniga bag‘ishlangan trening joriy yilning may oyi yoki undan keyinroqqa qoldiriladi.
Bir necha kun muqaddam London tomoni o‘zlarini Xalqaro Olimpiya qo‘mitasiga 2020 yilgi Olimpiya o‘yinlarini o‘tkazish uchun alternativ nomzod sifatida ko‘rib chiqishni taklif qildi. Britaniya poytaxti merligiga nomzodlardan biri Shon Beyli Yaponiyada ham koronavirusdan bir necha yuz kishi zarar ko‘rgani va uning tarqalishidan tashvishda ekanini bildirdi. O‘z navbatida Tokio meri Yuriko Koike Shon Beylining Olimpiya o‘yinlarini Londonga ko‘chirish haqidagi taklifiga tanqidiy fikr bildirdi.
“Bu masaladan shahar merligi uchun kurashda o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanish yaxshi emas”, dedi Yuriko Koike. Ta’kidlash joiz, XOQ hali bu borada yakuniy qarorni qabul qilgani yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, Britaniya poytaxti bungacha 1908, 1948 va 2012 yillarda yozgi Olimpiya o‘yinlarini qabul qilgan.
Yangi koronavirus
Xitoyning Xubey provinsiyasi markazi Uxan shahrida o‘tgan yilning dekabr oyi o‘rtalarida yangi virus paydo bo‘ldi. Xitoy Hukumati 31 dekabr kuni Jahon Sog‘liqni saqlash tashkilotini mamlakatda epidemiya boshlangani haqida ogohlantirdi.
Koronavirus bilan kasallanganlar hozircha Xitoydan tashqari 32 davlat – Yaponiya, Tailand, Singapur, Janubiy Koreya, Gonkong, Avstraliya, Tayvan, Makao, Malayziya, AQSH, Germaniya, Vetnam, Fransiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Kanada, Filippin, Buyuk Britaniya, Rossiya, Italiya, Hindiston, Finlyandiya, Shvetsiya, Shri-Lanka, Kamboja, Nepal, Ispaniya, Belgiya, Livan, Misr, Eron, Isroil va Iroqda aniqlandi.
Virusdan bugungacha 2619 kishi halok bo‘ldi, 79 561 kishi u bilan kasallandi. JSST yangi koronavirusning dunyoga tarqalishi sababli Jamoat sog‘lig‘i uchun xalqaro xavotirga molik favqulodda vaziyat joriy qildi. Bu insoniyat sog‘lig‘i uchun jiddiy xavf tug‘ilganda e’lon qilinadigan rasmiy maqom hisoblanadi. JSST yangi koronavirusga rasman nom berdi va u COVID-2019 deb ataldi.
Koronavirus bugungacha qurbonlar soni bo‘yicha 2002 yildagi atipik pnevmoniya (SARS) va 2012 yildan beri Yaqin Sharq respirator sindromini (MERS-CoV) ortda qoldirdi. SARS`dan 8096 nafar odam kasallangan, shulardan 774 nafari (o‘lim darajasi 9,6 foiz) halok bo‘lgan. MERS-CoV virusidan 2494 nafar odam kasallanib, ularning 858 (o‘lim darajasi 34,4 foiz) nafari qurbon bo‘lgan.
LiveBarchasi