Doniyor Toshxo‘jayev ishdan olindi
Jamiyat
−
24 noyabr
40143O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining tegishli buyrug‘i bilan IIV Tezkor qidiruv departamenti Jinoyat qidiruv xizmati boshlig‘i polkovnik Ahrorjon Halimjonovich Atxamov hamda Toshkent shahar IIBB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari polkovnik Doniyor Baxtiyorovich Toshxo‘jayev lavozimidan ozod etildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Shuningdek, Toshkent shahar IIBB boshlig‘ining tegishli buyrug‘i bilan IIBB Tezkor qidiruv xizmati Jinoyat qidiruv boshqarmasi Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘limi boshlig‘i podpolkovnik Temur Akramovich Sobirov lavozimidan ozod etilgan.
Ma’lumot uchun, Doniyor Toshxo‘jayev 2023 yilning avgust oyidan e’tiboran IIBB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan edi.
2022 yil fevral oyida Toshkent viloyati IIB Tergov boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari etib tayinlangan.
Ungacha esa 2020 yil yanvaridan Farg‘ona viloyati IIBga rahbarlik qilgan.
Doniyor Toshxo‘jayev 2019-2020 yillarda Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari – IIV Tergov boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan.
Bungacha u Toshkent shahar IIBB boshlig‘ining o‘rinbosari – Kadrlar boshqarmasi boshlig‘i, avvalroq – IIBB boshlig‘i o‘rinbosari – Tergov boshqarmasi boshlig‘i lavozimlarida ishlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Davlat xavfsizlik xizmati raisi lavozimida ishlab kelgan Abdusalom Abdumavlonovich Azizov lavozimidan ozod qilingach, mudofaa vaziri sifatida ishlab kelayotgan Bahodir Nizomovich Qurbonov Davlat xavfsizlik xizmati raisi etib tayinlangandi. Mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari – Qurolli Kuchlar Bosh shtabi boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan Shuhrat G‘ayratjonovich Xolmuhammedov esa Mudofaa vaziri etib tayinlandi.
LiveBarchasi