“Ichkarida sinmagan” jangchi. “Osiyo yo‘lbarsi” bilan suhbat

Intervyu

77 kilogramm vazn toifasida aralash yakkakurash janglarini olib boruvchi o‘zbekistonlik sportchi Shohasan Mirzamatov 10 yoshidan karate bilan shug‘illana boshlagan va bir necha bor O‘zbekiston chempioni bo‘lgan. Uslubidagi jangovarlik, karateda taqiqlangan zarbalar va boshqa shu kabi cheklovlar sabab faoliyatini jangovar sambo sport turiga o‘zgartirgan andijonlik bu sportchi ayni paytda MMA bilan professional tarzda shug‘ullanmoqda.

Hozirgacha sportchi 12 ta jangda oktagonga ko‘tarilgan bo‘lsa, ularning 10 tasida raqiblarini mag‘lubiyatga uchratgan. Janglarining asosiy qismini tik oyoqda o‘tkazadigan sportchi nokautchilik xususiyati bilan ham MMA muxlislarida katta qiziqish uyg‘ota olgan. Jumladan, Mirzamatov so‘nggi jangida ham raqibini birinchi raundning o‘zida chuqur nokautga uchratib, g‘alabaga erishgandi. Joriy yilning 22 iyul kuni Qozog‘istonning Olmaota shahrida joylashgan “Baluan-Sholak” arenasida eronlik Akbar Azadi-Farga qarshi bo‘lib o‘tgan mazkur jangdagi tezkor g‘alaba o‘zbekistonlik MMA’chiga tashkilotchi promoushenning maxsus bonusini ham taqdim qildi.

Xo‘sh, barchaning ko‘ziga kuchli, yengilmas ko‘ringan bu sportchi aslida kim? Sportdagi faoliyati va natijalari kabi uning shaxsiy hayoti ham muvaffaqqiyatlarga to‘lami? 

QALAMPIR.UZ ayni paytda MMA yulduzi bo‘lib turgan Shohasan Mirzamatovdan oktogondan tashqaridagi hayotiga qiziqdi va uning boshidan kechirganlari xususida intervyu oldi.

Mirzamatov 2015 yilda yaqin tanishi bilan yuzaga kelgan tushunmovchilik oqibatida u bilan janjallashib, unga pichoq bilan jarohat yetkazgan. Shundan so‘ng jabrlanuvchi voqea joyida vafot etgan. Bundan tashqari, sportchi yana bir nechta fuqaroga jarohat yetkazganlik aybi bilan qamoqqa olingan.

Jazo muddatini o‘tab, ozodlikka chiqqan va sportdagi faoliyatini davom ettirishga bel bog‘lagan Mirzamatov o‘tmishdagi voqealardan chuqur afsusda ekanini aytib, bu unga unutilmas saboq berganini qo‘shimcha qildi. 

“Avvalo, hech kimga bunday taqdirni ravo ko‘rmayman, u yerda hammasi juda qiyin, eng avvalo sog‘inchingizni o‘zi sizni yeb bitiradi. Hamma narsa bo‘lishi mumkin, 3 oy kutishning o‘zi ham sizni adoyi tamom qiladi, siz oilalimisiz yoki yo‘q baribir aka-opangizni, ota-onangizni ko‘rishni istaysiz. Shularni o‘zi sizni mayli jismonan emas balki ruhan ham ezib qo‘yadi. Odam bu vaziyatda chindan sinib qolmaslikka harakat qilishi kerak bo‘ladi. Oilam va yaqinlarim uchun harakat qildim, xayolim faqat tezroq chiqish hamda sportdagi faoliyatimni qayta yo‘lga qo‘yishda bo‘lgan va shunday qildim ham. Hozir hammasi yaxshi, iz-iziga tushib ketgan. Endi faqat oldimga qo‘ygan maqsadlar tomon harakat qilmoqdaman”, deydi Shohasan Mirzamatov.

Shuningdek, u qiyinchilik damlarida faqat o‘zi emas, yonidagi yaqinlari ham sinalganini aytib, og‘ir vaziyatda uning oldida oilasidan boshqasi qolmaganini bildirdi.

“Sinovli kunlar kelganda atrofingizdagilarni o‘zgarib qolganini sezasiz. To‘g‘ri, hech kim qarshingizga chiqib, men sendan yuz o‘girdim, endi menga kerak emassan, deb aytmaydi. Biroq ularning sizga bo‘lgan munosabatidan hammasi sezilib qoladi. Odam ko‘chadagi yaqinlari, aka-uka bo‘lib ketgan yaqinlaridan hech bo‘lmasa bir marta xabar olishini kutar ekan. Ammo faqat oila a’zolarim kelardi, falonchi borib turibdimi, xabar olyaptimi, deb so‘rasam, “yo‘q”! O‘sha voqeadan so‘ng ishonganlarim shunchaki yo‘q bo‘lib qolishgan. Tushundimki, boshingizga bunday musibat tushganidan so‘ng yoningizda faqat oilangiz qoladi. Hatto hozir yonimda bo‘lib turganlarga ham avvalgidek ishonib qolmaganman va men ulardan hech narsa kutmayman, chunki bilaman menga nimadir bo‘lsa, ular ham xuddi shunday qiladi”, deydi sportchi.

MMA ustasi QALAMPIR.UZ bilan bo‘lgan suhbatda yaqin kelajakda dunyoning eng nomdor promousheni hisoblangan UFC tashkiloti bilan shartnoma imzolash istagida ekanini ham yashirib o‘tirmadi. U bu yo‘ldagi harakatlar allaqachon boshlab yuborilgani, hatto zahira jangchi sifatida turnir jadvaliga kiritilishga ham yaqin turganini ma’lum qildi. Mirzamatovning menejerlari UFC prezidentining yana bir boshqa MMA tashkiloti hisoblangan Dana White's Contender Series bilan jang jang shartnomasini tuzish borasidagi ishlari jadal tarzda amalga oshirilayotganini ham qo‘shimcha qildi.

Sportchi bilan suhbatning to‘liq videosini QALAMPIR.UZ’ning Youtube sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

UFC MMA Shohasan Mirzamatov Osiyo yo'lbarsi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing