Ibrohim Raisiy rafiqasi bilan O‘zbekistonga keldi
Jamiyat
−
09 noyabr 2023
6900Bugun, 9 noyabr kuni Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiy rafiqasi Jamila Alamolxoda hamrohligida Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining XVI sammitida ishtirok etish uchun O‘zbekistonga tashrif buyurdi.
Oliy martabali mehmonni Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov va boshqa rasmiylar kutib oldi.
Shundan so‘ng, Ibrohim Raisiy o‘zi uchun ajratilgan qarorgohga jo‘nab ketgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tadigan IHT sammitida ishtirok etish uchun bunga qadar, Qozog‘iston Bosh vaziri Alixan Smailov, Pokiston Bosh vaziri Anvar ul-Haq Kakar, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an va Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Toshkentga kelgani xabar qilingan edi.
Bugun, 9 noyabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining (IHT) o‘n oltinchi sammiti bo‘lib o‘tadi.
Tadbirda Ozarbayjon, Eron, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Pokiston, Tojikiston, Turkmaniston va Turkiyaning davlat va hukumat rahbarlari ishtirok etishi kutilmoqda.
Kun tartibiga muvofiq, IHT doirasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiyaviy va gumanitar hamkorlikni yanada kengaytirish hamda ushbu ko‘p tomonlama tuzilma faoliyatini takomillashtirish masalalari ko‘rib chiqiladi.
Sammit dasturi doirasida O‘zbekiston yetakchisi qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazadi.
Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga 1985 yilda asos solingan, uning doimiy faoliyat yurituvchi kotibiyati Tehron shahrida joylashgan. O‘zbekiston Respublikasi 1992 yildan boshlab IHT a’zosidir. Ushbu tashkilotning oxirgi sammiti 2021 yilning noyabr oyida Turkmanistonda bo‘lib o‘tgan edi.
LiveBarchasi