Tramp Markaziy Osiyoni Isroil bilan yaqinlashtirmoqchi
Tahlil
−
05 avgust 6623 15 daqiqa
So‘nggi paytlarda xorij OAVda “Ibrohim kelishuvlari” haqida xabarlar ancha ko‘paydi. Joriy yil may oyi o‘rtasida Trampning Yaqin Sharqqa qilgan safari va Saudiyada Suriyaning muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shara bilan uchrashganida u ash-Sharaga “Ibrohim kelishuvlari”ga qo‘shilishni taflik qilgani aytilgandi. Bugunga kelib esa Isroil tarixidagi eng katta yutuqlardan biri hisoblanadigan mazkur kelishuvlarga Markaziy Osiyo va Ozarbayjon ham qo‘shilishi mumkinligi haqida xabarlar ko‘paydi. Shu onda ushbu kelishuv o‘zi aslida nimaligi va qanday ahamiyatga egaligi xususidagi tushuntirishlar o‘rtaga chiqishi tabiiy.
Bundan 5 yil muqaddam Donald Tramp o‘zining birinchi prezidentlik muddati yakunlanib borayotgan bir paytda, Isroil uchun o‘ziga xos sovg‘a tayyorladi. Paydo bo‘lganidan buyon mintaqada faqat norozilik va keskinlik kayfiyatini atrofga yoyib kelgan Isroilni Yaqin Sharqda arab davlatlari tomonidan tan olinishiga erishish juda murakkab va hatto amalga oshmas jarayondek ko‘rinardi. Ammo Tramp 2020 yilda bunga qisman bo‘lsada erishdi. Mazkur ishni bajarish uchun u Isroilni tan olish va Tel-Aviv bilan yuqori darajadagi diplomatik munosabatlarni o‘rnatishga asos bo‘luvchi platforma – “Ibrohim kelishuvlari”ni amalga kiritdi. Bunda esa unga sevimli kuyovi Jared Kushner juda katta yordam beradi. Bugun esa shu kelishuvlarni qaytadan jonlantirish va Yaqin Sharqdagi arab davlatlari hamda Isroil o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilash ishi yana jonlantirilmoqda. Suriya va Saudiya Arabistoni bunda navbatdagi maqsad sifatida ko‘zlanayotgandek tassurot qoldiryapti. Ammo Saudiya G‘azo va Falastin mustaqilligi masalasida o‘zining qat’iy pozitsiyasida turib olgani, Suriya joriy yil hisobida Isroil tomonidan ikki marotaba havo hujumiga uchraganidan so‘ng, Tramp ma’muriyati va Tel-Avivdagi hukumat boshqa mintaqalarga ko‘z tikmoqda. Eng qizig‘i, avvalroq Isroilni ancha yillar oldin tan olib, u bilan diplomatik munosbatlar o‘rnatgan bo‘lishiga qaramay, turkiy davlatlarni ham “Ibrohim kelishuvlari”ga qo‘shishga chaqiriqlar bo‘lgani haqida xabarlar chiqqandi. Endi esa ularning biroz bo‘lsada aniq tarkibi, ya’ni Ozarbayjon va Markaziy Osiyodagi ayrim davlatlar degan jumla keltirilmoqda. Bu davlatlar Isroilni allaqachon tan olgan bo‘lsa, bu kelishuvlarga qo‘shilishdan ma’no nima, degan savol haqli ravishda o‘rtaga chiqadi. Buning javobi shuki, “Ibrohim kelishuvlari”dan ko‘zlangan asosiy maqsad Isroilni tan olinishi yoki u bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatish, ammo xavfsizlik, ta’lim, savdo-sotiq, texnologiya va boshqa muhim masalalarda ham yaqindan hamkorlik qilish aynan ushbu platforma atrofida kechadi. Boshqa tomondan esa bu kelishuvlarga Yaqin Sharqdan tashqaridagi mamlakatlarning ham garchi ular Isroilni tan olgan bo‘lsada qo‘shilishi yahudiy davlati va Tramp ma’muriyati reputatsiyasi uchun ma’naviy yutuq hisoblanadi. Mazkur materialda esa bu kelishning mazmun-mohiyati, maqsad va vazifalari haqida batafsil so‘z yuritiladi.
Kuch bilan majburlangan kelishuvlar
1948 yil Yaqin Sharqda Isroilning paydo bo‘lishi mintaqani bugungacha davom etayotgan urushlar girdobida qoldirdi. Shu paytgacha arab monarxiyalari va yahudiy davlati o‘rtasida bir necha bor keskin to‘qnashuvlar yuz berdi. 1948-49, 1956, 1967, 1973 va 1982 yillar shular shumlasidandir. Bu mojarolarning ildizi noroziliklarga qaramay aynan Falastin yerlarida qurilishiga borib taqalardi. Qizig‘i, bu urushlarda arab davlatlari ba’zan koalitsiya, ba’zan esa yakka tartibda urush olib boradi, ammo imkoniyatni boy berib, katta yo‘qotishlarga uchraydi. Vaqt o‘tib, G‘arb qo‘llovi va AQSHning beminnat yordami bilan tish-tirnog‘igacha qurollangan Isroilni yengish imkonsiz ko‘rina boshlaydi. Bu esa yakunda arab davlatlarining Isroilni birin-ketin tan olishiga va u bilan diplomatik munosabatlarga kirishishga majburlaydi. Biroq Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikada joylashgan jami 22 ta arab mamlakati Isroilni tan olishi va u bilan aloqa o‘rnatishi juda qiyin va uzun jarayonligi ko‘rinib turardi. Shunga qaramay, bu tendensiyaning boshlanishi o‘zini uzoq kuttirmadi.
1973 yilgi Yom Kippur urushi mazkur jarayonning boshlanishiga yo‘l ochdi. Mazkur urushdagi katta yo‘qotishlar Qohirani bu tubsiz to‘qnashuvlardan charchatgandi. Misrning o‘sha paytdagi prezidenti Anvar Sadat Isroil bilan sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan keyingi mojarolardan ehtiyot bo‘ldi. Chunki Misrning bu qarama-qarshilik ortidan yo‘qotgan narslari erishganidan ko‘ra ancha ko‘p edi. Shu bois Sadat hech kim kutmagan qadamni tashlab, Isroilni suveren davlat sifatida tan olishga qaror qildi. 1978 yilda Misr AQSHning o‘sha paytdagi prezidenti Jimmi Karter vositachiligida Kemp-Devid kelishuvini imzoladi. G‘arbiy Sohil va G‘azo sektoridagi falastinliklarga cheklangan tarzda bo‘lsada, o‘zini o‘zi boshqarish huquqini berish, ammo shu bilan birga, bu hududlarda Isroil yurisdiksiyasini saqlab qolish belgilanadi. Chunki bu paytga kelib Falastin allaqachon Isroil tomonidan bo‘laklarga bo‘lib tashlangan, falastinlarning o‘zida qoldirilgan yerlarda ham aparteid tizimi amalda edi.
Shuningdek, Misr va Isroil o‘zaro masalalarni ham kelishib oldi. Unga ko‘ra, Isroil o‘z qo‘shinlarini 1967 yildagi 6 kunlik urush paytida okkupatsiya qilgan Misrga qarashli Sinay yarim orolidan 3 yil ichida olib chiqishga tayyorligini bildirdi. Bundan tashqari, Kemp-Devid kelgusida Misr va Isroilning savdo va diplomatik aloqalari uchun asos bo‘lishi ham kerak edi. Shunday qilib, yahudiy davlati va Misr o‘rtasida kelishilganidek, 1979 yil Kemp-Devid asosida Vashingtonda Misr-Isroil tinchlik shartnomasi imzolanib, ikki davlat o‘rtasidagi urushga barham berildi va ular o‘rtasida diplomatik va iqtisodiy munosabatlar o‘rnatildi. Isroil ham o‘z qo‘shinini Sinay yarim orolidan 1982 yilga qadar olib chiqib ketdi. Shu tariqa Misr Isoilni tan olgan ilk arab davlati bo‘ldi.
Bu masalada keyinchalik Iordaniya ikkinchi mamlakatga aylandi. Isroil tomonidan bosib olingan G‘arbiy Sohilga chegaradosh bo‘lgan mazkur davlat ham yahudiy hukumati bilan to‘qnashuvlardan toliqdi. 1994 yilda o‘sha paytdagi AQSH prezidenti Bill Klinton vositachiligida ikki davlat tinchlik shartnomasini imzoladi. Shartnoma bir-birining suvereniteti, hududiy yahlitligi va siyosiy mustaqilligini tan olish va hurmat qilishni o‘z ichiga olardi. Isroil va Iordaniyaning tinchlik shartnomasi ikki davlat o‘rtasidagi urush holatiga barham berdi va o‘zaro diplomatik munosabatlarning o‘rnatilishiga asos bo‘ldi. Bu kelishuv, shuningdek, yer va suv bilan bog‘liq nizolarni ham yopdi. Amman va Tel-Aviv Iordan va Yarmuk daryolaridan suv olish borasida kelishib oldi. Bundan tashqari, turizm va savdo sohasida keng hamkorlik qilish ham alohida ko‘zda tutildi. Isroil mazkur kelishuv orqali kelajakda ro‘y berishi mumkin bo‘lgan qator potensial xavflarning ham oldini olishga harakat qilgandi. Xususan, har ikki davlat o‘z hududidan uchinchi davlat tomonidan harbiy zarbalar uchun foydalanishga yo‘l qo‘ymaslik majburiyatini oldi. Vaqt o‘tib bu majburiyat yahudiy davlatiga qanday qo‘l kelganiga Eronning o‘tgan yillar mobaynida Isroilga bergan havo zarbalari Iordaniya tomonidan ushlab qolinganida guvoh bo‘ldik. Shu tariqa Iordaniya Isroilni rasman tan olgan ikkinchi arab mamlakati bo‘ldi va yahudiy davlatiga qarshilik qilishi mumkin bo‘lgan 22 ta arab davlati soni 20 taga qisqardi. Qirol Husayn Isroilning o‘sha paytdagi bosh vaziri Isxaak Rabin bilan sigaret tutgancha, mazkur jarayondan o‘z mamlakatini olib chiqdi va Isroilning Falastin yerlaridagi g‘ayriinsoniy harakatlariga Amman tomonidan boshqa jiddiy qarshilik ko‘rsatilmadi.
“Ibrohim kelishuvlari” – Isroil kislorod qopchasi
2002 yilda Arab Ligasida Saudiya Arabistoni tomonidan Falastinning tan olinishi evaziga Isroil bilan normal munosabatlar o‘rnatish taklifi ilgari surildi. Bu paytga kelib, Isroil va Fors ko‘rfazidagi arab davlatlarining manfaatlari Saddam Husayn ta’sirida xavfsizlik jihatdan umumiylashgandi. Chunki bungacha Iroq tabiiy boyliklarga ega chiqish uchun Eron va Quvayt bilan urush olib borgandi. Butun boshli mamlakat taqdiri o‘sha paytlarda faqat resurslarga bog‘langan ko‘rfaz davlatlari uchun mazkur voqealar jiddiy signal edi. Yangi asr boshida Saddam Husayn ag‘darilganidan keyin ham bu yaqinlashuvga intilish o‘z kuchida qoldi. Chunki 2003 yilda Iroqda Baas tuzumi qulashi natijasida Bag‘dodda yuzaga kelgan hokimiyat bo‘shlig‘ini arab monarxiyalarining azaliy raqibi bo‘lgan Eron to‘ldira boshladi. Tehron Iroqdagi partiyalar va qurolli guruhlarni o‘z ta’sir doirasiga ola boshladi. Bu arablar uchun yahudiy davlati bilan ziddiyatga borib, muammolarni chigallashtirmaslikka qaysidir ma’noda asos ham edi. Shu nuqtai nazardan, Isroil va bir qancha arab davlatlari o‘sha paytda ma’lum darajadagi yashirin aloqalarni o‘rnatgani taxmin qilinadi. Livanda “Hizbulloh” va Isroil o‘rtasida kechgan 2006 yilgi urush ham bu aloqalarga unchalik ta’sir qilmagan va 2010-2011 yillardagi arab bahoridan keyin yahudiy hukumati hamda arab davlatlari Yaqin Sharqda turli qurolli guruhlar paydo bo‘lishi fonida hamkorlikka kuchli ehtiyoj sezgan.
Mazkur tendensiya esa yillar o‘tib, “Ibrohim kelishuvlari” nomli o‘ta ziddiyatli qadamning tashlanishiga yo‘l ochdi. “Ibrohim kelishuvlari” – bu Isroil bilan munosabatlarni normallashtirish, uni tan olgan holda u bilan yuqori darajadagi diplomatik aloqalarni o‘rnatishni nazarda tutuvchi hujjatdir. Mazkur bitimning nomi musulmonlar va yahudiylar uchun umumiy ajdod bo‘lgan Ibrohim payg‘ambar sharafiga shunday ataldi. Trampning birinchi mandatidagi sobiq AQSH davlat kotibi Mayk Pompeo, kuyovi Jared Kushner va o‘sha paytdagi AQSHning Isroildagi elchisi Devid Fridmanni o‘z ichiga olgan bir guruh shaxslar bu kelishuvlarning arxitektori bo‘ldi. Dastlab unga BAA va Bahrayn qo‘shildi. Ikki arab mamlakati Isroilni tan olishi 2020 yilning 13 avgustida Isroil, AQSH va Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasida qabul qilingan qo‘shma bayonotda ma’lum qilingan holda, unda Bahrayn va BAA Isroil bilan munosabatlarni normallashtirish bo‘yicha erishilgan kelishuvga qo‘shilishi ochiqlangandi. Oradan bir oy o‘tib, 2020 yil 15 sentyabr kuni Oq uydagi maysazorda Isroil va AQSH bilan Bahrayn hamda Birlashgan Arab Amirliklari vakillari “Ibrohim kelishuvlari”ni imzoladi. Unda Tramp vositachiligida BAA tashqi ishlar vaziri Abdulloh bin Zayd Ol Nahayon, Bahrayn tashqi ishlar vaziri Abdulatif bin Rashid Al Zayani va Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu qatnashgandi. BAA 2021 yil iyul oyida Isroilda o‘z elchixonasini ochdi.
Arablar Falastinni o‘z manfaatiga almashdimi?
Keyingi oylarda Qo‘shma Shtatlar Isroil bilan aloqalarni normallashtirish uchun Marokash va Sudanni ham ko‘ndirishga erishdi. 2020 yil dekabr oyida Marokash, Isroil va Qo‘shma Shtatlar o‘rtasida qabul qilingan qo‘shma deklaratsiyada Marokash va Isroil munosabatlarni normallashtirishga kelishib oldi. Shu tariqa “Ibrohim kelishuvlari”ga qo‘shilgan mamlakatlar soni sanoqli oylarda uchtaga yetdi. Ultra isroilparast Tramp prezidentlik saylovlarida Baydenga imkoniyatni boy berib, ko‘p o‘tmay hokimiyatni tark etishiga qaramay, Marokashdan keyin 2021 yil yanvar oyida Sudan ham “Ibrohim kelishuvlari”ga jalb qilindi. Shu tariqa 5 oy ichida Isroilni tan olmaydigan arab davlatlari soni 4 taga qisqardi. Bungacha bir nechta arab davlatlari bir vaqtda Isroilni tan olishi va bu doira qisqa vaqt ichida kengayishiga ko‘pchilik ishonmagani tabiiy. Chunki yaqin o‘tmishda Misr Isroilni 1979 yilda tan olgan bo‘lsa, oradan 15 yil o‘tibgina Iordaniya ham yahudiy davlati bilan diplomatik aloqalarni boshlab yuborgandi. Oradan chorak asr vaqt o‘tibgina ko‘rfaz davlatlari yana shu masalaga qaytdi. Ammo bu safar mazkur jarayon tezlashib ketdi. Chunki Tramp tomonidan “Ibrohim kelishuvlari”ga qo‘shilgan mamlakatlarga berilgan takliflar ularni Falastin taqdirini unutishga majbur qildi.
Masalan, BAA 2020 yil iyul oyida Isroil G‘arbiy Sohilning bir qismini anneksiya qilish rejasini ma’lum muddatga to‘xtatganidan so‘ng, u bilan munosabatlarni normallashtirish bo‘yicha muzokaralar olib bordi. Abu Dabining yahudiy davlatini sub’ekt sifatida ko‘rishdan birdan bir motivi sifatida ham dastlab shu tilga olindi. Ammo keyinchalik, Amerika Qo‘shma Shtatlarining Birlashgan Arab Amirliklariga 50 ta F-35 jangovar samolyotlarini sotish taklifi bo‘y ko‘rsatdi. Shu bilan BAA Oq uyning janubiy maysazorida juda manfaatli bo‘lgan mazkur shirin kelishuvni pishirib qaytdi. Birlashgan Arab Amirliklari rasmiylari Isroil bilan aloqalarning normallashuvi ularga falastinliklar manfaatini himoya qilish imkoniyatini taqdim qilishini ta’kidlab kelardi. Biroq kuzatuvchilar Falastin masalasini arab davlatlarning manfaatlariga mos kelmay qolgan bekatda tushirib qoldirilishini taxmin qilgandi. Yakunda shunday ham bo‘ldi. Marokash va Sudan masalasiga kelsak, Tramp uchun ularni tilini topish uchalik qiyinchilik tug‘dirmadi. Marokash “Ibrohim kelishuvlari”ga qo‘shilib, Isroilni tan olgach, Qo‘shma Shtatlar ham Marokashning G‘arbiy Sahara ustidan suverenitetini tan oldi. Bungacha hech bir davlat Marokashning bu yerlar ustidan nazoratini tan olmagandi. AQSH bu borada birinchi davlat bo‘ldi. Bu bilan deyarli bir vaqtda Qo‘shma Shtatlar Sudanni terrorizm homiylari safidan chiqardi va unga qarshi qo‘yilgan sanksiyalarni bekor qildi.
“Ibrohim kelishuvlari” faqat tan olishni anglatmaydi
“Ibrohim kelishuvlari”dan keyingi yillarda uning doirasida imzolagan bir qator savdo bitimlari va xavfsizlik sohasida hamkorlik kelishuvlari ham amalga oshirildi. Isroil va Birlashgan Arab Amirliklari normallashgan aloqalarning birinchi yilida yarim milliard dollardan ortiq savdoni amalga oshirgani qayd etilgan. Birlashgan Arab Amirliklariga isroillik sayyohlar oqib kelishi bilan madaniy almashinuv ham bo‘lib o‘tdi. Ammo Amirlikdagilar Isroilga tashrif buyurishni unchalik istamadi va “Ibrohim kelishuvlari”ni jamoatchilik tomonidan ma’qullash keyingi yillarda keskin pasayib ketdi, deyish mumkin. Bunga sabab esa Isroilning G‘arbiy Sohildagi aralashuvi bir avlod ko‘z o‘ngida eng halokatli nuqtasiga yetdi. Ammo 2023 yil oktyabr oyida Isroilning G‘azoda genotsid amaliyotlarini boshlashi misli ko‘rilmagan qirg‘in va vayronagarchiliklarga qaramay, “Ibrohim kelishuvlari”ni saqlab qoldi. Unga qo‘shilgan arab davlatlarining hech biri bu kelishuvdan chiqish yoki uni qayta ko‘rib chiqish haqida jiddiy e’tiroz ham bildirgani yo‘q. Ular hatto “Ibrohim kelishuvlari”dan G‘azodagi qatliomlarga barham berish uchun vosita sifatida ham foydalanmayapti.
Aynan shu yerda esa “Ibrohim kelishuvlari” faqat Isroilni tan olishnigina o‘z ichiga qamrab olmasligini anglash mumkin. Bu kelishuv yaqin iqtisodiy hamkorlik va savdo aloqalarini o‘rnatish, madaniy-ma’rifiy almashinuvlar, xavfsizlik sohasida hamkorlik, texnologik sahodagi tajribalar almashinuvi va turizm hamda odamlar o‘rtasidagi aloqalar, jumladan ta’lim sohasidagi hamkorlik kabilarni ham qamrab oladi. Shuningdek, hali to‘liq amalga oshmay qolayotgan qishloq xo‘jaligi va qayta tiklanadigan energiya kabi sohalardagi hamkorlik, sun’iy intellekt va sog‘liqni saqlash sohalari ham shular jumlasidandir. Bundan tashqari, “Ibrohim kelishuvlari” atrof-muhit muammolari, xususan, suv tanqisligi va iqlim o‘zgarishi kabi masalalar doirasida ham hamkorlik qilish imkoniyatini taqdim etishi aytiladi. Texnologiya esa “Ibrohim kelishuvlari” bo‘yicha aloqalarni chuqurlashtirish uchun kuchli katalizator bo‘lib xizmat qilishi kutilgan. Shu bois xalqaro maydonda va Isroil-AQSH juftligi tomonidan ilgari surilayotgan kengaytirish harakatlarida boshqa mintaqalarni ham mazkur kelishuvga jalb qilish qaysidir ma’noda faqat manaviy yutuq emas, balki real natija sifatida ko‘rilayotgan bo‘lishi mumkin. Aynan shuning uchun ham arab davlatlaridan keyingi nishon turkiy davlatlar bo‘lishi ehtimoli yuqori. Bu borada harakatlar amalga oshirilayotgani haqida esa bir necha oylardan buyon juda ko‘p xabarlar chiqdi.
O‘zbekiston bu kelishuvga qo‘shiladimi?
Joriy yil mart oyida AQSH ravvinlari “Ibrohim kelishuvlari”ning asosiy tashkilotchisi bo‘lgan Donald Trampdan ushbu platformaga turkiy davlatlarni ham jalb qilishni so‘ragani haqida xabarlar chiqdi. Unga ko‘ra, 50 dan ortiq amerikalik ravvin AQSH Prezidentiga murojaat qilib, “Ibrohim kelishuvlari”ga turkiy tilli davlatlar, jumladan Ozarbayjon, Qozog‘iston va O‘zbekistonni ham qamrab olishini so‘ragan. Oradan bir necha oy o‘tib, aniqrog‘i joriy yil iyun oyi oxirida esa Isroil va Eron o‘rtasidagi urush yakuniga yetkach, AQSH Prezidenti Donald Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff “Ibrohim kelishuvlari”ga qo‘shilishi mumkin bo‘lgan davlatlar bilan bog‘liq asosiy e’lon tez orada e’lon qilinishini aytdi va bu kelishuv yanada kengayishini ma’lum qildi.
Bir necha kun oldin esa “Reuters” agentligi Tramp ma’muriyati Ozarbayjon va ayrim Markaziy Osiyo davlatlarini “Ibrohim kelishuvlari”ga qo‘shish masalasini faol muhokama qilayotgani haqida xabar berdi. Qayd etilishicha, ularni kelishuvlarga rasman qo‘shish bir qadar ramziy harakat bo‘lib, asosan savdo va harbiy hamkorlik kabi sohalarda aloqalarni kuchaytirishga qaratilgan bo‘ladi. Chunki bu davlatlar Isroilni allaqachon tan olib bo‘lgan va u bilan faol dimplomatik munosabatlarga ham ega. G‘azodagi yuqori o‘lim darajasi va gumanitar yordamning yopib qo‘yilishi oqibatida yuzaga kelgan daxshatli ocharchilik arab jamoatchiligida g‘azabni kuchaytirib, “Ibrohim kelishuvlari”ga ularni jalb qilishni murakkablashtirmoqda.
Ammo shu o‘rinda bir muhim nuqtaga e’tibor qaratish lozim. Ayni damda 28 ta davlat Isroilni davlat sifatida tan olmaydi. Arab ligasiga a’zo 15 ta, Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo arab bo‘lmagan yana 10 ta mamlakat va Kuba, Shimoliy Koreya hamda Venesuela kabilar uchun yahudiy davlati mavjud emas. Bundan ko‘rinib turibdiki, hatto Isroilga chegaradosh bo‘lgan Suriya va Livan uni tan olmagan. Shuningdek, unga yaqin bo‘lgan Yaqin Sharqning boshqa davlatlari xususan, Iroq, Saudiya Arabistoni, Ummon, Yaman va Qatar ham Isroilni sub’ekt sifatida ko‘rmaydi. Dunyo miqyosida 164 ta mamlakat tomonidan tan olinganiga qaramay, o‘z qo‘shnilarining tan olishiga erishmaslik chinakam diplomatik muammodir.
Shu bois Yaqin Sharq bo‘lmasada, boshqa mintaqalar bilan mazkur kelishuvlarni kengaytirib turish afzal ko‘rilmoqda. Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff mart oyida Ozarbayjon poytaxti Bakuga safar qilib, Prezident Ilhom Aliyev bilan uchrashgan. Bildirilishicha, muzokaralar doirasida Ozarbayjon rasmiylari Qozog‘iston kabi yaqin Markaziy Osiyo davlatlari amaldorlari bilan ham aloqaga chiqqan va ularning qiziqishini o‘rgangan. Lekin qaysi davlatlar bilan bevosita gaplashilgani ma’lum emas. AQSH Davlat departamenti esa ular aniq qaysi davlatlar ekani, kelishuvlarni kengaytirish Trampning asosiy maqsadlaridan biri ekanini bildirgan. “Reuters”ning yozishicha, Ozarbayjon hukumati, Oq uy, Isroil TIV va Qozog‘istonning Vashingtondagi elchixonasi ham bu masala yuzasidan izoh bermagan. QALAMPIR.UZ esa mazkur xabarlar fonida O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bilan bog‘landi. Vazirlik matbuot kotibi Ahror Burhonovning ma’lum qilishicha bu masala bo‘yicha TIVga murojaat kelib tushmagan.
“Ibrohim kelishuvlari” deklaratsiyasi matni:
“Biz, quyida imzo chekuvchilar, Yaqin Sharq va butun dunyoda o‘zaro tushunish va birgalikda yashash, shuningdek, inson qadr-qimmati va erkinligini, jumladan, diniy erkinlikni hurmat qilish asosida tinchlikni saqlash va mustahkamlash muhimligini tan olamiz.
Biz uchta Ibrohimiy din va butun insoniyat o‘rtasida tinchlik madaniyatini rivojlantirish uchun dinlararo va madaniyatlararo muloqotni rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlarni rag‘batlantiramiz.
Biz muammolarni hal qilishning eng yaxshi yo‘li hamkorlik va muloqotdir va davlatlar o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni rivojlantirish Yaqin Sharq va butun dunyoda mustahkam tinchlik manfaatlarini ilgari suradi, deb hisoblaymiz.
Biz bu dunyoni irqi, e’tiqodi va millatidan qat’i nazar, hamma qadr-qimmatli va umidli hayot kechira oladigan joyga aylantirish uchun har bir insonga bag‘rikenglik va hurmatga intilamiz.
Biz insoniyatni ilhomlantirish, inson salohiyatini oshirish va xalqlarni bir-biriga yaqinlashtirish uchun ilm-fan, san’at, tibbiyot va tijoratni qo‘llab-quvvatlaymiz.
Biz barcha bolalarga yaxshi kelajakni ta’minlash uchun radikallashuv va mojarolarni tugatishga intilamiz.
Biz Yaqin Sharq va butun dunyoda tinchlik, xavfsizlik va farovonlikka intilamiz.
Shu ruhda biz Isroil va uning mintaqadagi qo‘shnilari o‘rtasida “Ibrohim kelishuvi” tamoyillari asosida diplomatik munosabatlar o‘rnatish borasida erishilgan yutuqlarni samimiy qutlaymiz va rag‘batlanamiz.
Mushtarak manfaatlar va yaxshi kelajakka intilish asosidagi bunday do‘stona munosabatlarni mustahkamlash va kengaytirish bo‘yicha olib borilayotgan sa’y-harakatlar bizni ruhlantirmoqda”.
Live
Barchasi