Ibn Sino sharafiga xalqaro mukofot ta’sis etiladi
Jamiyat
−
19:04 991 2 daqiqa
Ibn Sinoning 1050 yilligi munosabati bilan xalqaro mukofot ta’sis etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda hukumatning kecha, 19 oktyabr kuni qabul qilingan 575-sonli qarorida belgilandi.
Qaror bilan 2030 yilda nishonlanadigan alloma tavalludining 1050 yilligi tadbirlariga tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan “yo‘l xaritasi” tasdiqlangan.
Xususan, 2026 yil oktyabr oyida Toshkent shahrida “Ibn Sino — G‘arb va Sharq falsafiy tafakkurining buyuk namoyandasi” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkazish rejalashtirilgan.
Shuningdek, oliy tibbiyot ta’lim tashkilotlari, ilmiy markazlar, kutubxonalar hamda davolash-profilaktika muassasalarida ilmiy-amaliy anjumanlar, ko‘rgazmalar va ochiq ma’ruzalar tashkil etiladi.
Xorijiy mamlakatlarga ilmiy ekspeditsiyalar uyushtirilib, Ibn Sinoning chet ellarda saqlanayotgan qo‘lyozmalari jamlanadi.
Allomaning “Mo‘jaz al-Qonun“, “Qonuncha”, “Al-Ishorat va at-tanbihot”, “Donishnoma”, “Kitob ash-Shifo” hamda “Sharq falsafasi” asarlari o‘zbek tiliga tarjima qilinib, ularning bosma va elektron nashrlari tayyorlanadi.
Bundan tashqari, “Ibn Sino” xalqaro mukofotini ta’sis etish rejalashtirilgan.
Qaror bilan Buxoro davlat tibbiyot instituti huzurida davlat muassasasi shaklida Abu Ali ibn Sino ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish to‘g‘risidagi taklif ham ma’qullangan.
Markaz Ibn Sino tibbiyoti bilan bog‘liq tadqiqotlarni olib borish, ularning natijalarini zamonaviy tibbiyotda qo‘llash, alloma qo‘lyozmalarini jamlash va o‘zbek tiliga tarjima qilish bilan shug‘ullanadi. Shu bilan birga, qo‘lyozmalarning elektron platformasi yaratiladi.
Tibbiyot xodimlari va tibbiyot tarixiga qiziquvchilar uchun o‘quv kurslari hamda mahorat darslari tashkil etiladi.
Markaz faoliyati Buxoro davlat tibbiyot institutining byudjetdan tashqari mablag‘lari, xalqaro moliya institutlari grantlari, pulli xizmatlardan tushumlar, homiylik xayriyalari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
Marjona Mamaniyozova
Live
Barchasi