Toshkentda ayrim ko‘chalar 3 kunga yopiladi
Jamiyat
−
05 noyabr 2023
10624Joriy yilning 8 noyabridan 10 noyabrigacha Toshkentning ayrim ko‘chalarida harakatlanish cheklanadi. Bu haqda poytaxt IIBB matbuot xizmati xabar berdi.
Bildirilishicha, yo‘llarning yopilishi 8−9 noyabr kunlari O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining 16-sammitini yuqori saviyada o‘tkazish bilan bog‘liq.
Quyidagi ko‘chalarda harakatlanish cheklanadi:
• Islom Karimov nomidagi aeroport maydonidan Bobur ko‘chasi bo‘ylab Bobur — Shota Rustaveli chorrahasigacha;
• Nukus — Bobur chorrahasidan Nukus ko‘chasi bo‘ylab Movarounnahr ko‘chasigacha;
• Oybek — Turkiston chorrahasidan Oybek, Afrosiyob va Olmazor ko‘chalari;
• Islom Karimov — Bunyodkor chorrahasidan Islom Karimov ko‘chasi bo‘ylab Amir Temur — Islom Karimov chorrahasigacha;
• Sharof Rashidov — Afrosiyob chorrahasidan Sharof Rashidov ko‘chasi bo‘ylab Kichik halqa aylanma yo‘ligacha;
• Navoiy — Mustaqillik chorrahasidan Navoiy — Labzak chorrahasigacha;
• Furqat — Beshyog‘och chorrahasidan Beshyog‘och ko‘chasi bo‘ylab Islom Karimov — Beshyog‘och chorrahasigacha;
• Olmazor — Islom Karimov chorrahasidan Olmazor ko‘chasi bo‘ylab Navoiy ko‘chasigacha.
Qayd etilishicha, harakatlanish cheklangan ko‘chalarda tez-tibbiy yordam, favqulodda vaziyatlar bo‘linmalari transport vositalariga istisno tariqasida harakatlanish uchun ruxsat beriladi.
Shu bilan birga, haydovchilarga yo‘llarda tirbandliklarning oldini olish maqsadida aylanma yo‘llardan foydalanish tavsiya qilingan.
Bundan tashqari, IHT sammiti bo‘lib o‘tadigan 8 va 9 noyabr kunlari Toshkent shahriga yuk tashuvchi transport vositalarining kirishi qisman cheklanadi.
“Shu kunlarda Toshkent shahridagi yuk tashuvchi transport vositalarining shahar markazida harakatlanishi to‘liq to‘xtatiladi. Sammit doirasida belgilanadigan vaqtinchalik cheklovlar sababli vodiydan vohaga hamda vohadan vodiyga harakatlanish 4P-12 avtomagistral yo‘li orqali amalga oshirilishini ma’lum qilamiz”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, 8-9 noyabr kunlari Iqtisodiy Hamkorlik Tashkilotining 16-sammitida ishtirok etish uchun Ozarbayjon Respublikasii Prezidenti Ilhom Aliyev, Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiy, Pokiston Bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Anvar Kakar, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Turkmaniston Respublikasi Prezidenti Serdar Berdimuhamedov Toshkentga kelishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2 noyabr kuni Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning Samarqandga tashrifi davomida ham shahardagi bir necha ko‘chalar yopilgandi.