IHT Londondagi Ozarbayjon elchixonasiga hujumni chuqur tekshirishga chaqirdi
Olam
−
08 avgust 2022
4296Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) joriy yilning 4 avgust kuni Ozarbayjonning Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligidagi elchixonasiga radikal diniy guruhlar a’zolari tomonidan uyushtirilgan hujumni qoraladi.
Tashkilot Ozarbayjonning Londondagi diplomatik vakolatxonasiga uyushtirilgan hujumni “shafqatizlik va qabul qilib bo‘lmas” deb atadi va voqeani chuqur o‘rganishga chaqirdi.
“Guruh a’zolari binoga bostirib kirib, uni buzishgan, binoning balkonida diniy bayroqlarni ko‘targan va radikal diniy shiorlarni aytib hayqirgan. Bu diplomatik binolarning daxlsizligi tamoyilining bevosita buzilishidir”, deyiladi IHT bayonotida.
Ma’lumot uchun, 4 avgust kuni Ozarbayjonning Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligidagi elchixonasi radikal diniy guruh hujumiga uchradi. Shaxsi noma’lum bir necha kishi elchixonaga bostirib kirib, bino ayvonida diniy bayroqlarni ochib, radikal shiorlarni aytgan. Mahalliy politsiya aralashuvi bilan vandalizm to‘xtatilgan va jinoyatchilar qo‘lga olingan.
Hodisa oqibatida elchixona xodimlari jabrlanmagan. Voqea yuzasidan huquq-tartibot idoralari tomonidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.
Ozarbayjon Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Buyuk Britaniyaga Vena konvensiyasiga muvofiq diplomatik vakolatxonalar binolari xavfsizligini ta’minlash zarurligi to‘g‘risida ogohlantirish yuborilganini ma’lum qildi. Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiyaning Bakudagi muvaqqat ishlar vakili Tashqi ishlar vazirligiga chaqirildi. Hujum munosabati bilan unga keskin norozilik bildirildi.
TIV ma’lumotlariga ko‘ra, britaniyalik diplomatga ushbu provokatsiya “diplomatik missiya xavfsizligini ta’minlash muammosini jiddiy ravishda ochib bergani va qabul qiluvchi davlat xalqaro huquqiy majburiyatlariga muvofiq xavfsizlik choralarini ko‘rishi kerakligi” aytilgan.
Ozarbayjon elchixonasiga qilingan hujumga rasmiy Toshkent ham munosabat bildirib, bunday harakatlarni qoraladi.
LiveBarchasi