Gvineya-Bisauda qo‘zg‘olon. Prezident ag‘darildi (video)
Olam
−
27 noyabr 3876 2 daqiqa
G‘arbiy Afrika davlati Gvineya-Bisau Prezidenti Umaru Sisoku Embalo harbiy to‘ntarish oqibatida hokimiyatdan ag‘darildi. Bu haqda “Africaguinee” xabar berdi.
Harbiylar bayonotida aytilishicha, ular mamlakatda saylov natijalarini manipulyatsiya qilish va vaziyatni beqarorlashtirish rejasini aniqlaganidan so‘ng hokimiyatni egallashga majbur bo‘lgan. Bu reja ichida ayrim siyosatchilar va taniqli narkobaronning ham aloqasi bo‘lgani aytilmoqda.
Davlat telekanalining Facebook'dagi sahifasida e’lon qilingan bayonotga ko‘ra, mamlakatdagi barcha siyosiy institutlar vaqtincha to‘xtatilgan, shuningdek, dengiz, havo va quruqlik chegaralari yopilgan. Poytaxt Bisauda o‘q ovozlari eshitilgani haqida xabar berilgan.
“Jeune Afrique” jurnalining xabar berishicha, Prezident Embalo, Ichki ishlar vaziri va Bosh shtab boshlig‘i Prezident saroyida qo‘lga olingan, ammo ularga shikast yetmagan.
Germaniya TIV Gvineya-Bisaudagi vaziyatni “beqaror” deb baholagan va u yerda bo‘lgan fuqarolariga namoyishlar bo‘lib o‘tadigan joylarga yaqinlashmaslikni tavsiya qilgan.
Ma’lumot uchun, 23 noyabr kuni mamlakatda prezidentlik va parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi. Dunyoning eng kambag‘al davlatlaridan biri bo‘lgan Gvineya-Bisauda ham Embalo, ham uning asosiy raqibi Fernandu Diash de Koshta o‘zlarini g‘olib deb e’lon qilgan. Rasman e’lon qilinadigan natijalar 27 noyabrga mo‘ljallangan edi.
Embalo 2020 yildan buyon hokimiyatda bo‘lib keladi. Uning prezidentlik muddati bir necha oy oldin tugagan. 2023 yil oxirida u parlamentni tarqatib yuborgan edi. Tanqidchilar uni muxolifatni bostirish, jurnalist va faollarni ta’qib qilishda ayblab keladi. Mamlakatning eng yirik muxolif partiyasi saylovlarda qatnashishga ruxsat olmagan. Oqibatda bu partiya Diashni mustaqil nomzod sifatida qo‘llab-quvvatlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq, Madagaskar Prezidenti Andri Radzuelina yoshlar namoyishlari fonida mamlakatdan qochib ketdgandi.
Live
Barchasi