Guterrish O‘zbekistonga keladi
Jamiyat
−
29 iyun
6449BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish bugun, 29 iyun kuni Markaziy Osiyo davlatlari, xususan O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston va Turkmanistonga kelishi kutilmoqda. Bu haqda uning matbuot kotibi Stefan Dyujarrik Nyu-Yorkdagi brifingda ma’lum qildi.
Matbuot kotibining aytishicha, Bosh kotib davlat rahbarlari va boshqa hukumat vakillari bilan uchrashib, iqlim o‘zgarishiga oid loyihalar bilan tanishadi, mahalliy faollar bilan muloqotda bo‘ladi. Safar davomida Bosh kotib birinchi bo‘lib O‘zbekiston poytaxti Toshkentda to‘xtaydi.
Guterrish 4 iyulda Ostonada bo‘lib o‘tadigan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida ishtirok etadi. U nutqida forum ishtirokchilariga BMT Nizomi hamda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida keltirilgan ko‘p tomonlama tamoyillarga sodiqlikni yana tasdiqlash kerakligini eslatib o‘tadi. Shuningdek, bu sa’y-harakatlar negizida tinchlikka intilish yotishi kerakligini ta’kidlaydi.
BMT saytida Bosh kotibning safari 7 iyulda yakunlanishi aytib o‘tilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Antoniu Guterrish Qirg‘iziston Prezidenti taklifi bilan 1-3 iyul kunlari Qirg‘izistonda bo‘lishi xabar qilingandi.
Mavluda Satiyeva