Guterrish Afg‘onistonda tinchlikka erishish uchun kuchlarni birlashtirishga chaqirdi

Olam

image
“Tolibon” Afg‘onistonda davlat qursa, bu O‘zbekistonga tahdidmi? Xalqaro siyosatchi bilan suhbat north_east

“Tolibon” Afg‘onistonda davlat qursa, bu O‘zbekistonga tahdidmi? Xalqaro siyosatchi bilan suhbat

Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi mintaqaviy hamkorlik Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni saqlash uchun juda muhimdir. Bu haqda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish kecha, 16 iyul kuni Toshkentda ochilgan mintaqaviy aloqalar bo‘yicha konferensiya ishtirokchilariga yo‘llagan videomurojaatida aytib o‘tdi.

Bosh kotib, so‘zi avvalida forumni o‘tkazish tashabbusi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildirdi.

"Aloqalar savdo-sotiq, iqtisodiy o‘sish va barqaror rivojlanishda muhim rol o‘ynaydi. Ular nafaqat iqtisodga xizmat qiladi. Aloqalar mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlaydi va yaqin va uzoq qo‘shnilar o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni rivojlantiradi”, deydi BMT rahbari.

“Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiyada Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashraf G‘ani, Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Imron Xon hamja dunyoning 50 ga yaqin mamlakatlaridan, shu jumladan Rossiya va AQSHdan 600 ga yaqin vakillar ishtirok etgan. 

BMT  Bosh kotibning so‘zlariga ko‘ra, Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik har qachongidan ham muhimroq – bu mintaqa davlatlari, xususan Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni saqlashning yagona yo‘li. 

Tugab borayotgan haftada  Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochqinlar bo‘yicha Oliy Komissarligi Afg‘onistondagi vaziyat yomonlashishi va yaqinlashib kelayotgan gumanitar inqiroz haqida ogohlantirdi. Birgina 2021 yil yanvaridan buyon taxminan 270 ming afg‘on o‘z uylarini tashlab ketgan. Bugungi kunga kelib mamlakatdagi ichki qochqinlarning umumiy soni 3,5 milliondan oshgan. 

Avvalroq, BMTning Afg‘onistondagi yordam missiyasi maxsus vakili va rahbari Debora Lion Xavfsizlik Kengashiga ushbu mamlakatdan xalqaro harbiy kontingentning chiqib ketishi haqidagi e’lon afg‘on jamiyatida "seysmik zarbalar" keltirib chiqargani haqida xabar bergan edi.  

"Qo‘shinlarni olib chiqish to‘g‘risida qaror qabul qilinishi kutilgandi, ammo bu jarayonning tezligi yoqimsiz kutilmagan hodisalar keltirib chiqardi",  deb ta’kidlaydi Maxsus vakil. 

Chet el qo‘shinlari to‘liq chiqarilgandan so‘ng, “Tolibon” katta ehtimol bilan Afg‘oniston viloyatlari poytaxtlarini egallab olishga harakat qiladi, deydi u. 

Bosh kotib Guterrish Toshkentda o‘tgan konferensiyada qilgan videomurojaatida butun xalqaro hamjamiyatni mintaqada tinchlikka erishish uchun kuchlarni birlashtirishga chaqirdi.  

“Kelinglar, tinchlik qanchalik qadrli ekanini baholash uchun birgalikda harakat qilaylik. Mintaqadagi aloqalarni mustahkamlash istiqbolining o‘zi Afg‘onistondagi vaziyatning yanada yomonlashishi xavfini muvozanatlashtirishi mumkin”, degan Antoniu Guterrish. 

Faollashgan “Tolibon” va Afg‘onistondagi keskinlik

Afg‘onistondagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat joriy yilning aprelida AQSH Prezidenti Jo Baydenning respublikada Amerika qurolli kuchlarining operatsiyasi yakuniga yetganini e’lon qilganidan so‘ng, ancha yomonlashdi. 

Joriy yilning 13 iyul holatiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar o‘z qo‘shinlarining 95 foizidan ko‘prog‘ini Afg‘onistondan olib chiqib ketib bo‘ldi. Bu jarayon 31 avgustga qadar yakunlanishi kutilmoqda. Shtatlar kabi NATOning boshqa a’zolari ham Afg‘onistonni tark etmoqda. Jumladan, ItaliyaAvstraliya va Germaniya kuchlari, allaqachon, mamlakatdan chiqib ketgan.

Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tark etishi fonida “Tolibon” harakati mamlakat hududlari ustidan nazoratni o‘rnatish maqsadida hujumlarni kuchaytirmoqda. Toliblarning ta’kidlashicha, ular ayni paytda Afg‘onistonning 85 foizini nazorat qilmoqda. Bundan tashqari, harakat kuchlari bir qator qo‘shni davlatlar — Turkmaniston, Tojikiston, Eron va Pokiston bilan chegarada joylashgan nazorat punktlarini ham egallab olgan. Shunday bo‘lsa-da, harakat vakillari Afg‘onistondan tashqariga chiqmasliklarini va qo‘shni davlatlarga xavf solmasliklarini qayta va qayta ta’kidlamoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

23

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing