Go‘sht 45 000 so‘mdan 78 000 so‘mgacha. Bozorlardagi narx-navo qanday?
Jamiyat
−
12 fevral 2021
4414O‘zbekistondagi markaziy dehqon bozorlarida go‘sht 45 000 so‘mdan 78 000 so‘mgacha sotilyapti. Davlat statistika qo‘mitasi markaziy dehqon bozorlarida 2020 yil 10 fevral kuni o‘tkazilgan kuzatuv natijalari bo‘yicha alohida turdagi oziq-ovqat mahsulotlarining minimal-maksimal narxlarini ma’lum qildi.
Suyakli mol go‘shti 45 000 so‘mdan 65 000 so‘mgacha (kg)
Kuzatuv natijasiga ko‘ra, 1 kg suyakli mol go‘shtining minimal narxi, Nukus shahrining “Nukus dehqon bozori”, Namangan shahrining “Namangan chorsu dehqon universal bozori”, Urganch shahrining “Urganch markaziy dehqon bozori”dagi arzonlashtirilgan go‘sht rastalarida qayd etilgan (45 000 so‘m).
Suyakli mol go‘shtining maksimal narxi esa, Toshkent shahrining “Eski jo‘va dehqon bozori”, “Oloy dehqon bozori”, “Farhod dehqon bozori”, “Mirobod dehqon bozori”da kuzatildi (xususiy tadbirkorlar rastalarida 65 000 so‘m). Shu bilan birga, mazkur bozorlarda tashkil etilgan arzonlashtirilgan rastalarda mol go‘shti minimal – 46 000 so‘mdan 55 000 so‘mgacha sotilmoqda.
Qo‘y go‘shti 48 000 so‘mdan 78 000 so‘mgacha (kg)
Qo‘y go‘shtining minimal narxi (48 000 so‘m) kuzatuv natijasiga ko‘ra, Nukus shahrining “Nukus dehqon bozori”dagi arzonlashtirilgan rastalarda ro‘yxatga olingan.
Maksimal narxi esa, Toshkent shahrining “Mirobod dehqon bozori”da (xususiy tadbirkorlar rastalarida 78 000 so‘m) kuzatildi. Shuningdek, ushbu bozorda qo‘y go‘shtining minimal narxi 60 000 so‘mni tashkil etadi.
Kartoshka 2 800 so‘mdan 6 000 so‘mgacha (kg)
Kuzatuv natijalariga ko‘ra, Toshkent shahrining “Mirobod dehqon bozori”da tashkil etilgan arzonlashtirilgan savdo rastalarida sotilayotgan, yirik bo‘lmagan kartoshkaning narxi minimal narx sifatida (2 800 so‘m) qayd etilgan.
Shu bilan birga, Toshkent shahrining “Oloy dehqon bozori”da sotuvdagi saralangan kartoshkaning narxi maksimal narx sifatida (6 000 so‘m) qayd etildi. Ushbu bozorda arzonlashtirilgan rastalarda sotilayotgan yirik bo‘lmagan kartoshkani minimal 3 000 so‘m narxga xarid qilish mumkin.
Piyoz 1 000 so‘mdan 3 500 so‘mgacha (kg)
Piyoz mahsulotining minimal narxi kuzatuv natijasiga ko‘ra, Guliston shahrining “Guliston dehqon bozori” va Toshkent shahrining “Mirobod dehqon bozori”da (1 000 so‘m) ro‘yxatga olindi.
Maksimal narx sifatida esa Toshkent shahrining “Oloy dehqon bozori” da sotuvda bo‘lgan saralangan piyozning narxi kuzatildi (3 500 so‘m). Shuningdek, mazkur bozorda piyozni minimal 1 500 so‘m narxga xarid qilish mumkin.
Sabzi 1 000 so‘mdan 4 000 so‘mgacha (kg)
Sabzi mahsulotining minimal narxi kuzatuv natijasiga ko‘ra, Guliston shahrining “Guliston dehqon bozori”, Farg‘ona shahrining “Farg‘ona shahar markaziy dehqon bozori”da (1 000 so‘m) qayd etilgan.
Toshkent shahrining “Oloy dehqon bozori”da sotuvdagi tozalangan va saralangan sabzining narxi maksimal narx sifatida (4 000 so‘m) qayd etildi. Shu bilan birga, ushbu bozorda sabzining minimal narxi 2 000 so‘mni tashkil etadi.
Tuxum 6 000 so‘mdan 15 000 so‘mgacha (10 dona)
Kuzatuv natijasiga ko‘ra, Toshkent shahrining “Farhod dehqon bozori”da arzonlashtirilgan tuxum rastalaridagi mayda tuxumning narxi minimal narx sifatida qayd etildi (6 000 so‘m).
Maksimal narxi esa, Toshkent shahrining “Eski jo‘va dehqon bozori”da qayd etilgan (yirik saralangan tuxum 15 000 so‘m). Shuningdek, mazkur bozorda 10 dona mayda tuxumning minimal narxi 8 000 so‘mni tashkil etgan.
Guruch 5 000 so‘mdan 18 000 so‘mgacha (kg)
Kuzatuv natijalariga ko‘ra, guruch mahsulotining minimal narxi Nukus shahrining “Nukus dehqon bozori”, Jizzax shahrining “Jizzax markaziy dehqon bozori”, Qarshi shahrining “Qarshi dehqon oziq-ovqat bozori”, Termiz shahrining “Markaziy dehqon oziq-ovqat bozori” va Toshkent shahrining “Oloy dehqon bozori”da (“Nukus-2” va boshqa mahalliy navli guruchlar 5 000 so‘m) qayd etilgan.
Maksimal narx esa, Toshkent shahrining “Eski jo‘va dehqon bozori”, “Oloy dehqon bozori”, “Mirobod dehqon bozori” da 18 000 so‘mdan kuzatildi (“Lazer” navli guruch). Shu bilan birga, ushbu bozorlarda guruchning minimal narxlari 5 000 so‘mdan 7 500 so‘mgachani tashkil etgan.
O‘simlik yog‘i 11 000 so‘mdan 19 000 so‘mgacha (litr)
O‘simlik yog‘ining kuzatuv natijasiga ko‘ra minimal narxi Toshkent shahrining “Eski jo‘va dehqon bozori” va “Qo‘yliq dehqon bozori”da (mahalliy paxta yog‘i 11 000 so‘m) kuzatildi.
Maksimal narxi esa, Toshkent shahrining “Mirobod dehqon bozori”da (kungaboqar yog‘i 19 000 so‘m) kuzatildi. Shuningdek, mazkur bozorda mahalliy paxta yog‘ini 14 000 so‘mdan xarid qilish mumkin.
Shakar 6 500 so‘mdan 8 000 so‘mgacha (kg)
Shakar mahsulotining kuzatuv natijasiga ko‘ra minimal narxi Toshkent shahrining “Qo‘yliq dehqon bozori”da (6 500 so‘m) qayd etildi. Maksimal narxi esa, Nukus shahrining “Nukus dehqon bozori”, Andijon shahrining “Yangi bozor dehqon bozori”, Jizzax shahrining “Jizzax markaziy dehqon bozori”, Qarshi shahrining “Qarshi dehqon oziq-ovqat bozori”, Navoiy shahrining “Saxovat bozori”, Namangan shahrining “Namangan chorsu dehqon universal bozori”, Samarqand shahrining “Siyob dehqon bozori”, Chirchiq shahrining “Chirchiq dehqon bozori”, Yangiyo‘l shahrining “Ixtisoslashgan Yangiyo‘l shahar dehqon bozori”, Toshkent shahrining “Oloy dehqon bozori”, “Farhod dehqon bozori” va “Qo‘yliq dehqon bozori”da (8 000 so‘m) kuzatildi.
Shuningdek, mazkur bozorlarda shakarni 6 500 – 7 500 so‘m oralig‘ida ham xarid qilish mumkin.
LiveBarchasi