Eronga yadroviy qurol tashlash muhokama markazida

Tahlil

AQSH Prezidenti Eron yadroviy qurolga ega bo‘lishga harakat qilmayotgani haqidagi barcha xulosalarni rad qilmoqda. Dastlab MAGATE Isroilning Eronga hujumi boshlangan paytda Tehron bu dasturni jadallashtirmagani haqida ma’lum qildi. AQSH milliy razvedka direktori Tulsi Gabbard ham xuddi shunday to‘xtamga keldi. Ammo Tramp ularning barchasini rad qilmoqda. AQSH Prezidenti avvalroq Gabbardning bu gapiga javoban sodda qilib “u adashyapti” deb qo‘ya qoldi. Urushda esa hal qiluvchi deb aytilgan 48 soatlik muddat allaqachon tugadi. Ammo avvalroq “Bloomberg” tomonidan taxmin qilingan 22 iyun sanasiga hali bir kun bor.

Hozirda barchaning e’tibori Eronning Fordoda joylashgan chuqur yerosti uranni boyitish zavodiga qaratilgan. Umuman olganda, urushdagi eng asosiy voqeliklar endi shu zavod oldida aylanmoqda. “Fox News” nashri Oq uydagi manbaga tayanib, AQSH Eronning Fordodagi uranni boyitish bo‘yicha mustahkam yadro ob’ektiga qarshi taktik yadro qurolidan foydalanishni istisno qilmagani haqida xabar berdi. Manbaning bildirishicha, AQSH harbiylari bunkerni yorib kiruvchi bombalarning samaradorligiga shubha qilmaydi va ular yordamida Eronning yadro zavodini yo‘q qilish mumkin deb hisoblaydi. Bundan oldin “The Guardian” nashri Fordodagi mazkur ob’ektni faqat taktik yadro zarbasi bilan yo‘q qilish mumkin, deya xabar bergandi. “Axios” nashri ham Tramp 13,6 tonna og‘irlikdagi GBU-57 rusumli bunkerni yoruvchi bomba 90 metr chuqurlikda joylashgan yerosti zavodini ishonchli tarzda vayron qila olishiga shubha bilan qarayotganini yozdi.

Shuningdek, Birlashgan Qirollik harbiy xizmatlar instituti ham bu borada hisobot e’lon qilib, Isroil Eron harbiy ob’ektlariga, jumladan, bir nechta yadroviy ob’ektlariga zarba berib, ushbu mamlakatning yadroviy dasturini yo‘q qilishga urinayotganini, lekin bu unchalik ham oson bo‘lmasligini ma’lum qilgan edi. Fordo zavodi chuqurroq joylashgan deb hisoblanadi. Uning qanchalik chuqurdaligi aniq emas, biroq baholashlarga ko‘ra, Fordodagi inshootlar 80 dan 90 metrgacha chuqurlikda joylashgan. Hisobotga ko‘ra esa, AQSHning eng katta bombasi, ya’ni mazkur zavodni yo‘q qiladi, deya ishonilayotgan GBU-57 atigi 60 metr chuqurlikkacha yetadi va Fordodagi nishonga yetib bora olmaydi. Shu bilan birga, AQSH Mudofaa departamentiga qarashli Harbiy xavflarni kamaytirish agentligi Fordodagi yadro ob’ektini yo‘q qilish uchun avval yer qatlamini oddiy bombalar bilan yumshatish, keyin esa u yerga bombardimonchi samolyotdan yadro bombasini tashlash kerakligini ta’kidlagan.

Tramp ikkilanmoqda

19 iyun kuni Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Levitt Prezident Donald Tramp keyingi ikki hafta ichida Eronga zarba berish yoki bermaslik haqida qaror chiqarishini ma’lum qildi. Tramp bir necha soatlarda yo‘llanishi mumkin deya taxmin qilingan ehtimoliy zarba va urushga aralashuvni shu tarzda cho‘zdi. U ayni damda juda murakkab dilemma qarshisida qolgani aytilmoqda. Eronga zarba berish Tramp ambitsiyalariga to‘g‘ri kelmasligi, ammo u isroilparast kuchlar qurshovida bu qarorni qabul qilishga majburlanayotgan bo‘lishi mumkin. Chunki Donald Tramp Jorj Bush tomonidan qilingan xatoni takrorlashga majburlanayotgani aytilmoqda. Aslida esa 2016 yilda siyosiy faoliyatini boshlagandan buyon Iroqqa bostirib kirish, Liviyadagi hokimiyatni ag‘darish kabi qing‘irliklar AQSHning eng katta xatolari bo‘lganini tinmay ta’kidlab keladigan Tramp ayni damda Eron masalasida qaror qabul qilishda yahudiy lobbisining juda og‘ir bosimi ostida ekani haqida xabarlar yetarlicha.

OAVda chiqayotgan shunday xabarlarga nazar tashlansa, mazkur majburlovning ortida respublikachi senator Lindsi Grem turgani va aynan u Eronga zarba berishning eng asosiy tashabbuskori deyish mumkin. Iqtisodiy rivojlanish va investitsiya oqimini kengaytirish yo‘lidan ketishni afzal ko‘ruvchi AQSH Prezidenti ko‘p ehtimol Eronga hujum qilishdan manfaatdor emas. Chunki Eronning qasos strategiyasidagi bir nechta variant allaqachon aniq. Shulardan biri Qo‘shma Shtatlarning Yaqin Sharqdagi harbiy bazalariga zarba berish. 1400 km dan 2000 km gacha yetib borishi va “Temir gumbaz”ni yorib o‘tgan Amed, “Sijjil” va Fattoh raketalari AQSH bazalari joylashgan Saudiya, Qatar va BAAga zarba bera oladi. Bu chinakam urushning boshlanishi, balki 3-jahon urushining tizeri hamdir. Tramp uchun bu ssenariydagi noxush haqiqat shundaki, u Saudiya, BAA va Qatardan bir yarim oy oldin salkam 3.5 trillion dollarlik investitsion bitimlar bilan qaytgandi. Yaqin Sharqdagi har qanday eskalatsiya bu bitimlarni bir parcha qog‘ozga aylantirishi mumkin.

Bundan tashqari, ayni paytda Iroq, Liviya va Suriyadagi voqealar AQSH uchun unchalik ham yoqimli bo‘lmagani eslatilmoqda. Iroq va Suriyada falajlangan hokimiyat ortidan qolgan vakuumni terrorchilar egalladi va keyinchalik barchaga uzoq vaqt bosh og‘riq bo‘ldi. AQSH Al Qoida bilan to‘qnashuvda 1.4 trillion dollar sarfladi va Saddamning ag‘darilishi Vashingtonga juda qimmatga tushdi. Iroqqa qilingan harbiy intervensiyada, Suriyadagi fuqarolik urushi boshlanganida, ularning har biridagi aholi 25-30 million atrofida bo‘lgan. Bugun esa Eron aholisining umumiy soni 90 milliondan oshadi. Shunday ekan, bu yerda hokimiyat ag‘darilishi, tartibsizlik va boshboshdoqliklar, eski rejimdan qolgan bo‘shliqni to‘ldirish juda ayanchli oqibatlarga olib kelishi mumkin. Gap tarixan asov tabiat va qiziqqon bo‘lgan forslar haqida ketganda esa masala yanada jiddiylashadi. Yaqin Sharq nafaqat AQSH, balki butun dunyoning chinakam muammosiga aylanishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Eron Tramp MAGATE Isroil

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing