Gulnora Karimovaning xorijdagi aktivlari qaytarildimi? Bosh prokuror o‘rinbosari javob qaytardi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaning Shveysariya banklarida muzlatib qo‘yilgan 800 mln shveysar frankini O‘zbekistonga qaytarish uchun bor imkoniyatlar ishga solinyapti. 

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori o‘rinbosari Erkin Yo‘ldoshev prokuratura organlarining 5 oylik faoliyatiga bag‘ishlangan brifingda Gulnora Karimovaning xorijdagi aktivlarini qaytarish bo‘yicha xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik davom ettirilayotganini ma’lum qildi.

"Bu juda murakkab masala. Xalqaro huquqiy normalar bor. Tashqariga olib chiqib ketilgan, degan so‘zni o‘zidan ham tushunsa bo‘ladi. Bu aktivlar tashqaridagi aktivlar. Albatta, o‘sha aktivlar bor davlatlar bilan huquqiy muloqotga kirishish ehtiyoji bor. Muayyan protseduralar va tartiblarni talab qiladi. O‘zimizning milliy qonunchiligimiz, xalqaro qonunchilik imkon beradigan har qanday vositalardan to‘la-qonli foydalanish choralarini ko‘ryapmiz. Bu o‘z samarasini beradi deb hisoblaymiz”, dedi Erkin Yo‘ldoshev.

Shuningdek, Erkin Yo‘ldoshev Gulnora Karimovaning xorijdagi aktivlarining qancha qismi qaytarilgani haqidagi savolga javob berishga qiynalishini aytib o‘tdi.

“Bu savolga javob berishim qiyin. Hammasini qaytarishga harakat qilamiz”, dedi Erkin Yo‘ldoshev.

Shu bilan birga, Bosh prokuratura Matbuot kotibi Surayyo Rahmonova turli xorijiy va mahalliy OAVda tarqayotgan, Gulnora Karimovaga ruhiy bosim o‘tkazilayotgani va uning oldiga shifokorlarning kirishi taqiqlab qo‘yilgani haqidagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini yana bir bor ta’kidladi. 

Ma’lumot uchun, Gulnora Karimovaning xorijdagi aktivlariga ega chiqishni istagan, undan hissa olishga urinayotgan bir qancha tomonlar bor. Xususan, Shveysariya banklarida muzlatib qo‘yilgan 800 mln frankka O‘zbekistondan tashqari AQSH, Zeromax`ni Gulnora Karimovaga tegishli bo‘lgan deb hisoblovchi xorijlik kreditorlar va Karimovaning sobiq turmush o‘rtog‘i Rustam Madumarov da’vogarlik qiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Gulnora Karimova

Baholaganlar

228

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing