Gulnora Karimovaning chet eldan qaytarilayotgan pullari qanday sarflanadi?
Jamiyat
−
15 iyun 2020
17600Chet elga noqonuniy olib chiqilgan aktivlar O‘zbekistonga qaytarilganda, davlat byudjetiga daromadlar sifatida kirim qilinadi va umumiy tartibda ishlatiladi. Bu haqda Moliya vazirligi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Sherzod Muhammedov ma’lum qildi.
“Moliya vazirligida mol-mulklarning O‘zbekistonga qaytarilishi yoki mamlakatimiz ichida mol-mulklarni musodara qilinishi bo‘yicha har bir sotilgan mol-mulk egasining familiya va ismi bo‘yicha hisob yuritilmaydi”, deydi vazir o‘rinbosari.
Joriy yilning 14 may kuni Fransiyadan 9,8 mln yevro (10,2 million AQSH dollari) miqdoridagi aktivlar O‘zbekistonga qaytarilgan va davlat byudjetiga (Yag‘ona g‘azna hisob raqamiga) kelib tushgan.
Davlat daromadiga o‘tkazilgan mol-mulkni realizatsiya qilishdan tushgan tushumlar Respublika byudjeti daromadlari manbai hisoblanadi. Shu sababdan, yuqorida aytib o‘tilgan mablag‘lar O‘zbekiston Respublikasi davlat byudjetiga (Yag‘ona g‘azna hisob raqamiga) daromadlar sifatida kirim qilindi.
“Mazkur mablag‘lar umumbelgilangan tartibda, ya’ni 2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonunida belgilangan tadbirlar uchun (ish haqi, ijtimoiy ob’ektlar va boshqa muassasalarni saqlash, davlat dasturlari doirasidagi xarajatlarga) yo‘naltiriladi.
Boshqacha tushuntiradigan bo‘lsak, Davlat byudjeti xarajatlari miqdori o‘zgarmagan holda uning daromadlari oshadi, ya’ni byudjet defitsiti kamayib, o‘z-o‘zidan ushbu summaga chetdan kamroq qarz jalb qilamiz”, deydi Muhammedov.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaning xorijdagi aktivlarini qaytarish bo‘yicha Shveysariya, AQSH, Fransiya, Rossiya Federatsiyasi kabi davlatlar bilan hamkorlikdagi ishlar davom ettirilayotgani, Gulnora Karimova tomonidan jinoiy yo‘l bilan orttirilgan mulklarni O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha olib borilgan sa’y-harakatlar natijasida joriy yilning 14 may kuni Fransiyadan 10 million AQSH dollari miqdoridagi aktivlar O‘zbekistonga qaytarilgani haqida xabar bergan edik.
LiveBarchasi