“Uning ahvoli og‘ir”: Gulnora Karimovaning advokati uning salomatligi haqida ma’lumot berdi
Jamiyat
−
18 iyun 2019
23936Avvalroq, Jenevadagi Mangeat Attorneys at Law advokatlik idorasi egasi va rahbari Greguar Manja yana Toshkentga kelgani va mijozi O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova bilan uchrashish uchun Zangiotadagi koloniyaga borgani haqida xabar bergan edik.
Greguar Manja Gulnora Karimova bilan uchrashgan. Advokat mijozining ahvoli yomonligini aytib, O‘zbekiston Hukumatiga bir savol bilan murojaat qilgan.
“Zangiotadan qaytyapman. Mijozim yomon ahvolda. Qon bosimi yuqori. Oyog‘i to‘la bog‘langan. Hech qanday tibbiy muolaja yo‘q. Bir necha marta hushini yo‘qotdi. Hukumatga asosiy savolim: Zangiota, nega va qachongacha?”, degan Greguar Manja Twitter`dagi sahifasida.
Advokat mijozining o‘zboshimchalik bilan ushlab turilishini to‘xtatishga chaqirgan.
Shveysariyalik advokat avvalgi tashrifidan keyin mijoziga tibbiy yordam ko‘rsatilmayotgani va unga ruhiy bosim o‘tkazilayotgani haqida ma’lum qilgandi. Ammo O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi ushbu xabarlarni rad qilib, Gulnora Karimovaning ahvoli qoniqarli ekanini ta’kidlagandi.
Eslatib o‘tamiz, Gulnora Karimova 5 mart kuni o‘z uyida hibsga olinib, jazoni o‘tash uchun umumiy tartibli koloniyaga olib ketilgandi.
Karimova jazoni o‘tash tartibi va shartlarini qasddan buzganligi sababli jinoyat-ijroiya qonunchiligiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi huzuridagi Probatsiya xizmatining taqdimnomasiga asosan, jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tumani sudi tomonidan unga nisbatan tayinlangan jazoning o‘talmay qolgan muddati ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan almashtirilib, umumiy tartibli koloniyada o‘tashi belgilangan.
LiveBarchasi