Gulnora Karimovaga tegishli bo‘lgan mehmonxona va oromgoh sotuvga qo‘yildi
Jamiyat
−
31 mart 2021
45866“Poytaxt” biznes majmuasi, “Ichan qal’a” mehmonxonasi, “Beldirsoy” oromgohi, “Sijjak” dam olish maskani, “Malika” savdo majmuasi, sobiq Respublika birjasi sotuvga qo‘yildi.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xabariga ko‘ra, aktivlarni sotish ikki bosqichda o‘tkaziladi.
1-bosqichda – talabgorlar saralanadi, jumladan, savdolarda qatnashish uchun talab qilingan hujjatlarning to‘liqligi, zakalat puli kelib tushganligi, davlat aktivlaridan kelgusida foydalanish yo‘nalishlariga qo‘yilgan talabga nisbatan talabgor tomonidan taklif etilgan biznes konsepsiyasi loyihasining maqbul yoki maqbul emasligi ko‘rib chiqiladi;
2-bosqichda – talabgorning tijorat takliflari (sotib olish narxi va to‘lovni amalga oshirish muddati) hamda to‘lov qobiliyati baholanadi.
Qayd etilishicha, talabgorlar bir yoki bir nechta takliflar taqdim qilishi mumkin. Bunda, har bir davlat aktivi bo‘yicha takliflar alohida beriladi.
Agarda talabgor davlat aktivini sotib olish to‘lovini bir oydan ko‘p muddatlarda (ko‘pi bilan 36 oy) amalga oshirishni taklif etsa, uning narx taklifi ushbu muddatlarni inobatga olgan holda, belgilangan tartibda joriy qiymatga keltirib baholanadi.
Ma’lumot uchun, Gulnora Karimovaga tegishli deb ko‘rib kelingan “Ichan qal’a” mehmonxonasi 2013 yilda uning “saltanati” qulashi ortidan bir necha yil faoliyat yuritmadi. O‘sha kezlarda mehmonxonaning qimmatbaho o‘yma eshiklari tegishli tashkilotlar tomonidan muhrlangan edi. Gulnora Karimova 2012 yilda ushbu mehmonxonada o‘ziga tegishli “Guli” attorlik buyumlari brendining yangi mahsulotlari taqdimotini o‘tkazgan. Marosimda Turkiyaning “Muhtasham yuz yil” seriali bosh qahramoni Halid Ergench ham mehmon bo‘lgan edi.
Shuningdek, “Sijjak” dam olish oromgohi ham O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga tegishli bo‘lgan. Oromgohda mehmonxona, bir nechta hovuz, amfiteatr, kottej va boshqa inshootlar mavjud. Ushbu oromgohga 2017 yil 10 fevralda Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudi tomonidan sanksiya qo‘yilgan.
Keyinroq oromgoh O‘zbekiston Triatlon federatsiyasiga mashg‘ulot bazasi sifatida foydalanish uchun berilishi rejalashtirilgandi. Bu bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori loyihasi ishlab chiqilgandi.
LiveBarchasi