Guliston shahriga yangi hokim tayinlandi

Jamiyat

image

Toshkent shahridagi Chilonzor tumani hokimining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan Jamoliddin Hojimanov Sirdaryo viloyatidagi Guliston shahriga yangi hokim etib tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi xabar berdi.

Bugun, 5 mart kuni Xalq deputatlari Guliston shahar Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tgan. Unda viloyat hokimi Akmaljon Maxmudaliyev ham ishtirok etgan.

Viloyat hokimi Guliston shahar hokimi lavozimiga Jamoliddin Husnuddinovich Hojimanov nomzodini tavsiya qilgan. Xalq deputatlari Guliston shahar Kengashining qarori bilan u Guliston shahar hokimi etib tayinlangan.

Jamoliddin Hojimanov 1987 yilda Sardoba tumanida tug‘ilgan. Ma’lumoti – oliy. 2011 yil Toshkent davlat agrar universitetini tamomlagan. Mutaxassisligi buxgalteriya hisobi va audit.

U mehnat faoliyati davomida Toshkent viloyati va Toshkent shahrida moliya va iqtisodiyot sohalarida turli tashkilotlarda mas’ul vazifalarda ishlagan. Tayinlovga qadar Chilonzor tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari-iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bo‘limi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan edi.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yil fevraldan buyon Guliston shahri hokimi lavozimida ishlab kelgan To‘lqinjon Dadaboyev joriy yil fevral oyi boshlarida sog‘lig‘idagi muammolar sabab o‘z arizasiga binoan lavozimidan ozod etilgandi. Shahar hokimi vazifasini vaqtincha bajarish shahar hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari G‘ayrat Botirovga yuklangan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Sirdaryo Guliston Jamoliddin Hojimanov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing