Guliston shahri darvozalari ham yopilyapti
Jamiyat
−
26 mart 2020
7719Ertaga, 27 martdan e’tiboran Sirdaryo viloyati Guliston shahriga kirish va chiqish to‘xtatiladi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, koronavirus infeksiyasining viloyat hududida tarqalishining olish maqsadida 27 mart kuni soat 00:01 dan boshlab Guliston darvozalari yopiladi.
Ushbu cheklovlar yuk tashish bilan bog‘liq holatlar va shaharda doimiy yashovchi shaxslarga Guliston shahriga kirish uchun viloyat markazidagi mahalliy davlat hokimiyati organlari, huquq tartibot idoralari, boshqarma, idora va tashkilotlarda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan rahbar va xodimlar, shifokor va hamshiralar, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi xodimlari hamda viloyat tumanlariga biriktirilgan mas’ul xodimlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Guliston shahriga kirish va chiqish faqat ikkita yo‘nalish bo‘yicha, ya’ni Guliston shahri Guliston ko‘chasiga yo‘l o‘tkazgich ko‘prik orqali hamda ikkinchi yo‘nalish Guliston shahri Do‘stlik qo‘rg‘oni Xondamir ko‘chalarida tashkil etilgan karantin postlari orqali transport vositalari va yo‘lovchilarni dezinfeksiya qilgan holda amalga oshiriladi.
Guliston shahriga boshqa yo‘nalishlarda kirib-chiqish joylari to‘liq yopiladi.
Avvalroq, Toshkent, Namangan, Andijon, Samarqand shaharlari koronavirus sabab kirish va chiqish uchun yopilgani haqida xabar bergan edik.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Ayni vaqtda mamlakatda 65 kishida koronavirus infeksiyasi aniqlandi.
Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor
LiveBarchasi