Guliston shahri hokimi o‘zgardi
Jamiyat
−
25 noyabr 5569 1 daqiqa
Bugun, 25 noyabr kuni Jamoliddin Xojimanov Guliston shahri hokimi lavozimidan bo‘shatildi va uning o‘rniga Farrux O‘ktamjonov tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Guliston shahrida Xalq deputatlari shahar kengashining navbatdan tashqari sessiyasi o‘tkazilgan. Tahliliy-tanqidiy ruhda o‘tgan sessiya ishida viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov ishtirok etgan.
Erkinjon Turdimov o‘z nutqida shaharda qator sohalarda qoloqlikka yo‘l qo‘yilayotgani, xususan, kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash, yangi investitsion loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish, eksport borasida shahar birinchi rahbarining harakatlari yetarli emasligini bildirgan. Shuningdek, shaharni yanada rivojlantirish borasida ishga solinmagan imkoniyatlar haqida deputatlar ham o‘z fikrlarini bildirgan.
Sessiyada tashkiliy masala ko‘rilgan. Xususan, shu kunga qadar shahar hokimi lavozimida ishlab kelgan Jamoliddin Xusniddinovich Xojimanov egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.
Deputatlar tomonidan shu kunga qadar Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat olib borgan Farrux O‘ktamjonovich O‘ktamjonov nomzodi Guliston shahar hokimi lavozimiga tasdiqlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sariosiyo tumani hokimi Abduqodir Donayev lavozimidan ozod etilgandi va uning o‘rniga Odiljon Yoqubov tayinlangandi.