Gulbahor Yo‘ldosheva – o‘zbek Medeyasi

Madaniyat-san’at

Avvalroq, taniqli drama aktrisasi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Gulbahor Yo‘ldosheva vafot etgani haqida xabar bergan edik. 61 yoshni qarshilash arafasida turgan Yo‘ldosheva og‘ir xastalik sabab olamdan ko‘z yumdi.

Gulbhor Yo‘ldosheva mashaqqatli hayot kechirgan, kuchli sabr va iroda egasi bo‘lgan, jiddiy, o‘ziga va boshqalarga talabchan, mas’uliyatli, sinovlarda toblangan ayol edi. U san’atni pulga chaqmagan, haqiqiy ijodning zavqini tuygan sanoqli san’atkorlar qatoridan o‘rin oldi. 

1958 yilning 25 avgustida Toshkent viloyati Chirchiq shahrida tavallud topgan aktrisa, 1979 yilda Toshkent davlat teatr va rassomchilik san’ati institutini tamomlaydi. 

U 1979-1987 yillarda hozirgi O‘zbek milliy akademik drama teatrida, 1998 yildan umrining oxiriga qadar O‘zbek davlat drama teatrida faoliyat yuritdi. O‘zbekiston Respublikasi San’at arbobi, taniqli rejissyor Bahodir Yo‘ldoshev bilan oila qurdi. 

Gulbahor Yo‘ldosheva teatr sahnasida, kinolar va teleseriallarda bir qator esdaqolarli rollarni ijro etdi. U “Kechikkan hayot”, “Haqiqat kuni”, “Afg‘on”, “O‘gay ona”, “Kutilmagan qo‘ng‘iroq”, “Turist” va “Ko‘rgim keladi”, “O‘gay ona” filmlaridagi rollari bilan tomoshabinlarga yaxshi tanish. 

Aktrisa “Tutash taqdirlar” seriali orqali tomoshabinlar qalbidan chuqur joy olgan. 

Uning “Medeya” spektaklidagi ijrosi nafaqat o‘zbekistonlik tomoshabin va mutaxassislar, balki xorijlik ekspertlar tomonidan ham olqishlar bilan kutib olingan. 

Aktrisa so‘nggi yillardagi faoliyatini turmush o‘rtog‘i Bahodir Yo‘ldoshev tomonidan tuzilgan “Diydor” teatr studiyasida ham olib bordi. Mazkur teatr studiyasi tomonidan O‘zbekiston xalq shoiri Zulfiya ijodiga bag‘ishlab tayyorlangan asarda Gulbahor Yo‘ldosheva shoira Zulfiya obrazini gavdalantirdi. 

Aktrisa bugun, 12 iyun kuni Toshkent viloyati, Chirchiq shahridagi qabristonga dafn etildi. U ijro etgan rollari bilan muxlislari qalbida saqlanib qoladi. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

507

Reyting

4

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing