Gruziyaning xorijdagi elchilari norozilik bildirib, iste’fo berdi

Olam

image

Gruziyaning besh davlatdagi elchilari rasmiylar Yevropa integratsiyasi bo‘yicha muhokamalarni keyinga qoldirishga qaror qilganidan so‘ng iste’foga chiqdi. Bu haqda “Civil Georgia” xabar berdi.

Iste’foga chiqqan diplomatlar – Bolgariyadagi elchi Otar Berzenishvili, Italiyadagi elchi vazifasini bajaruvchi Irakli Vekua, Niderlandiyadagi elchi David Solomonia, AQSHdagi elchi David Zalkaliani va Litvadagi elchi Salome Shapakidze norozilik sifatida o‘z lavozimlarini tark etgan.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, 230 dan ortiq gruziyalik diplomat va Gruziya Tashqi ishlar vazirligining boshqa xodimlari rasmiy qarorni qoralagan ochiq bayonotni imzolagan.

Gruziya davlat xizmatchilarining bayonoti kecha, 1 dekabr kuni imzolangan.

“Biz, Gruziya fuqarolik sektori xodimlari, har qanday siyosiy guruhga emas, balki Gruziyaning milliy manfaatlariga sadoqat va vijdonan xizmat qildik va xizmat qilishda davom etamiz. Bu esa davlatimizning suvereniteti, hududiy yaxlitligi, Yevropa va Yevroatlantika intilishlarini himoya qilishni anglatadi”, deyiladi bayonotda.

Unda davlat xizmatchilari bugungi geosiyosiy muammolardan kelib chiqqan holda, Gruziya uchun G‘arb bilan integratsiyalashuvi va bu jarayon taqdim etayotgan barcha mexanizmlardan to‘liq foydalanish juda muhim, deb hisoblagan.

Davlat amaldorlari Gruziya fuqarolarining tinch namoyishini nomutanosib ravishda bostirishni keskin qoralagan. Bayonot imzolash uchun ochiq va Gruziya davlat sektorida ishlaydigan har qanday shaxs tomonidan imzolanishi mumkin.

Joriy yilning 30 noyabrga o‘tar kechasi Tbilisi, Batumi, Kutaisi, Poti, Telavi va boshqa shaharlarda namoyishlar qayta boshlandi. Davlat xavfsizlik xizmati bu harakatlarni hokimiyatni zo‘ravonlik bilan egallashga urinish deb atadi. Ular, shuningdek, konstitutsiyaviy tuzumni zo‘ravonlik bilan o‘zgartirish maqsadida isyon moddasi bo‘yicha tergov o‘tkazilayotgani haqida xabar berdi.

Mamlakat Prezidenti Salome Zurabishvili parlamentni noqonuniy deb bilishini aytdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, Zurabishvili qonuniy saylangan parlament bo‘lgunga qadar o‘z lavozimida qolish niyatida. U hukmron “Gruziya orzusi” partiyasining Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishni keyinga qoldirish qarorini konstitutsiyaviy to‘ntarish deb atagan.

28 noyabrdan beri Gruziyada “Gruziya orzusi”ning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish bo‘yicha muzokaralarni kamida 2028 yil oxirigacha to‘xtatish haqidagi qarori munosabati bilan norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tmoqda. Politsiya odamlarni tarqatish uchun suv purkagichlar va ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatmoqda. Kamida 20 jurnalist va 42 politsiyachi jarohat olgani ma’lum. Mamlakat Ichki ishlar vazirligi jarohatlangan namoyishchilar sonini oshkor qilmadi. Ikki kun davom etgan norozilik namoyishlarida 150 ga yaqin odam hibsga olingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Gruziya Davlat xavfsizlik xizmati Tbilisida parlament binosi yonida hukumatga qarshi namoyishlar Gruziyada hokimiyatni zo‘ravonlik bilan egallashga urinish bo‘layotganidan dalolat berayotgani haqida bayonot bergandi. DXXga ko‘ra, muayyan siyosiy partiyalar va nohukumat tashkilotlar Gruziyada hokimiyatni zo‘ravonlik bilan egallab olishdan manfaatdor. Gruziya razvedka xizmati Jinoyat kodeksining “Gruziya konstitutsiyaviy tuzumini majburan o‘zgartirish maqsadida fitna yoki isyon” moddasi bo‘yicha tergov olib bormoqda.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Gruziya Litva Italiya Bolgariya Niderlandiya Otar Berzenishvili Irakli Vekua David Solomonia David Zalkaliani Salome Shapakidze

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing