Gruziyaliklar josuslik haqidagi qonunga qarshi namoyishga chiqdi. Prezident xalq tomonda (video)

Olam

image

Kecha, 7 mart kuni Gruziya parlamentida “xorijiy agentlar” to‘g‘risidagi qonun loyihasi ko‘rib chiqilganidan so‘ng qonunga qarshi bo‘lgan ko‘plab odamlar namoyishga chiqdi. 

Qayd etilishicha, qonun loyihasi Gruziyaning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish umidiga putur yetkazishidan qo‘rqqan minglab namoyishchilar poytaxt Tbilisi markazida yig‘ilgan. Ular parlament binosini to‘sib qo‘ygan. Namoyishchilarni tarqatish uchun kelgan politsiyaga molotov kokteyli va toshlar uloqtirilgan. Politsiya esa suv purkagich va ko‘zni yoshlantiruvchi gazdan foydalangan. 

Manbaga ko‘ra, yangi qonun iqtidordagi “Gruziya orzusi” partiyasi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. Unga ko‘ra, mablag‘ining 20% dan ortig‘ini xorijdan oladigan har qanday tashkilot “xorijiy agent” sifatida ro‘yxatdan o‘tishi talab qilinadi, aks holda u katta miqdorda jarimaga tortiladi. Tanqidchilar mazkur qonun Rossiyada 2012 yilda o‘zgacha fikrni bostirish uchun qo‘llanilgan qonunni eslatishini aytgan.

Mamlakat Prezidenti Salome Zurabishvili namoyishchilar bilan birga ekani, qonun loyihasi tasdiqdab o‘tish uchun uning ma’muriyatiga kelganda, unga veto qo‘yishini bildirgan. Biroq qonunchilikka ko‘ra, parlament uning vetosini ham bekor qilishi mumkin.

 “Siz erkin Gruziya, o‘z kelajagini G‘arbda ko‘radigan Gruziya vakilisiz va hech kimning bu kelajakni tortib olishiga yo‘l qo‘ymaysiz. Bu qonun hech kimga kerak emas. Bu qonunga ovoz bergan har bir kishi konstitutsiyani buzgan”, deydi hozirda rasmiy tashrif bilan AQSHda bo‘lib turgan Gruziya rahbari.

Biroq hozirda Berlinda bo‘lib turgan mamlakat Bosh vaziri Irakliy Garibashvili so‘zga chiqib, qonunni qo‘llab-quvvatlashini tasdiqlagan. Chet el agentlari haqidagi taklif etilayotgan qoidalar “Yevropa va jahon standartlariga” javob berishini aytgan.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq mazkur qonun loyihasi parlamentda ko‘rib chiqilayotganda deputatlar uzoq janjallashgan, hatto, mushtlashib ketgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing